Toshkentning Yunusobod tumani sobiq hokimi Jahongir Ibrohimov daraxt ekish rejasini bajarmagani uchun ishdan bo‘shatilgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 2 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tdi, deb xabar berildi «O‘zbekiston 24» telekanalida efirga uzatilgan Xayrulla Nuriddinovning «Menimcha» ko‘rsatuvida.

Davlat rahbari daraxt ekish masalasiga «beparvolik»ni tanqid qildi. Yunusobod tumani hokimi kuzgi daraxt ekish rejasini bajarmaganini ma’lum qildi.

«Yunusobod tumani kuz mavsumida 20 mingdan ziyod daraxt ko‘chatlarini ekish rejasini bor-yo‘g‘i 43 foizga bajargani uchun tuman hokimini ishdan oldik. Abdulla Nigmatovich (bosh vazir Abdulla Aripov — tahr.), qolganlarga ham baho bering. Kerak emas, yosh-yosh yigitlarni qo‘yamiz», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev Jahongir Ibrohimovning iste’fosi boshqalar uchun ibrat bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Noyabrda «Yashil makon» umumilliy loyihasi qabul qilingan va uning doirasida 200 mln tup daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan edi. Prezident joylarda daraxt ekish borasidagi raqamlarga ishonmasligini ma’lum qildi.

«Har chiqishimda rasmiyatchilik, qo‘shib yozishlarni qilmaylik, deb aytardim. Lekin baribir, men bu raqamlarga ishonmayman. Bizda joylarda kasallik bor — «pripiska» qilishga. SSSRdan shuni o‘rganganmiz paxta «pripiskasi»ni. Bunda ham «pripiska» yo‘q ekan deb birov kafolat berolmaydi. Kimga kerak bu? Kimga ko‘z-ko‘z qilyapsizlar? Mengami? Menga kerak emas, men haqiqiy ahvolni juda yaxshi biladigan odamman. Ayniqsa Samarqand, Jizzax, Toshkentda nimaligini juda yaxshi bilaman», — dedi u.

Jahongir Ibrohimov 2021 yilning yanvarida hokim etib tayinlangan edi. Prezident o‘shanda tayinlov haqida munosabat bildirib, «men Ibrohimovga yo Yunusobod bo‘yicha ishlarni bajarasan, yo ishonchni oqlamaysan, dedim. Shuning uchun u «raskladushka» bilan keldi rayonga. «Raskladushka»ni olib hokimiyatda yotmaydi, sektor mahallasida jamoasi bilan borib yotadi. Mahallaning «hidi» yoqmasa, ketadi. Menga mahallaning «hidi» yoqadi. Mahallaning «hidi» — xalqning ovozi», — degan edi prezident.

24 yanvar kuni Yunusobod tumaniga avval Toshkent prokurori o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Bahodir Abduvaliyev hokim etib tayinlandi.