Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yo‘l yoqalariga ekilgan daraxtlar soni haqidagi matematik savoliga noto‘g‘ri javob berdi.

2 fevral kuni «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda Abdurahmon Abduvaliyev davlat rahbarining qo‘mita balansida necha kilometr yo‘l borligini so‘radi. Qo‘mita rahbari ikkilanmasdan «42853 km» deya javob berdi.

«Men juda yaxshi bilaman, 43 mingga yaqin. Shu 43 mingdan necha mingiga daraxt ekilgan, ikki tomoni chiroyli bo‘lib, to‘rt qator, o‘n qator bo‘lib?» — deb so‘radi prezizend (lavha «Menimcha» dasturida namoyish qilindi).

«O‘n qator yo‘q, lekin hozirgi kunda 2−4 qatorli 4,5 yil davomida 1250 km ga yetdik», — deya javob berdi qo‘mita rahbari.

Shavkat Mirziyoyevning bu necha foizni tashkil etadi, degan savoliga: «10 foiz», — deya javob berdi.

«Ie, matematikani qayerda o‘qigansiz? Voy-voy-voy», — deya munosabat bildirdi prezident. «Uch foiz», — deya so‘zini to‘g‘riladi Abdurahmon Abduvaliyev.

«Qani, Ramatov (bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov), buyoqqa kel, nimaga bu 10 foiz deyapti?» — deya so‘radi davlat rahbari.

Abdurahmon Abduvaliyev va Ochilbay Ramatov. Manba: «O‘zbekiston 24».

«Bu butalarni ham aytdi-da. Butalar bilan 10 foizgacha boradi», — dedi Ochilboy Ramatov.

Shavkat Mirziyoyev bu javobga kuldi. Undan keyin qanday gap-so‘z bo‘lgani lavhada ko‘rsatilmagan.

Prezident xuddi shu yig‘ilishda «Yashil makon» dasturi loyihasida daraxt ekish borasidagi raqamlarga ishonmasligi va odatiy qo‘shib yozishlar bo‘lmasligiga kafolat yo‘qligini ta’kidlagan edi.

Yig‘ilishda 1 martdan «Yashil yillik» umummilliy tadbiri boshlanishi e’lon qilindi. Prezident har bir hududning iqlimiga mos, ko‘p suv talab qilmaydigan ko‘chatlarni tanlash hamda ularni tayyorlash uchun ko‘chatxonalar sonini oshirish lozimligini ta’kidladi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga 10 mln dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini aholiga bepul tarqatish, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga xalqaro va respublika ahamiyatidagi yo‘llar chetida jami 1,5 mln tup daraxtdan iborat ixota daraxtzorlar barpo etish bo‘yicha topshiriq berildi.