2022 yilning birinchi choragida tijorat banklari tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlari 42 mln dollar miqdorida qayta moliyalashtiriladi, deya xabar qildi Moliya vazirligi axborot xizmati.

Avvalroq, ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ajratiladigan maqbul ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish vaqtincha to‘xtatilganligi ma’lum qilingan edi. Bu mazkur turdagi kreditlarga bo‘lgan yuqori talab tufayli Osiyo taraqqiyot bankining 150 mln dollarlik mablag‘lari muddatidan oldin o‘zlashtirib bo‘linganligi bilan izohlangan.

Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ hozirda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Birinchi yarim yillikda kompaniya tomonidan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish Moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, ikkinchi yarim yillik uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan qo‘shimcha mablag‘lar jalb etilishi bo‘yicha tegishli ishlar olib borilayotganligi aytilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil davomida kompaniya taqdim etgan mablag‘lar hisobidan ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun 2 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratiladi (2021 yilda — 1,9 trln). Shuningdek, Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga birlamchi bozordan uy-joy sotib olish maqsadida aholiga ipoteka kreditlari berish uchun 12,8 trln so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan (2021 yilda — 5,0 trln).

«2021−2022 yillarda kapital bozorini rivojlantirish Dasturini amalga oshirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi doirasida tijorat banklarini resurslar bilan barqaror ta’minlash maqsadida sekyuritizatsiya va ipoteka obligatsiyalar muomalasi amalga oshirilishining huquqiy asoslari yaratilmoqda», — deyiladi xabarda.

Dastur doirasida 2023 yildan boshlab kompaniya tomonidan ipoteka obligatsiyalari chiqarilishi ko‘zda tutilgan.