4−20 fevral kunlari Pekinda 2022 yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. 91 davlatdan kelgan sportchilar sportning 7 turi bo‘yicha (15 ta yo‘nalish) 109 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradilar. Unda O‘zbekistondan faqat bitta sportchi — 24 yoshli chang‘ichi Komiljon To‘xtayev ishtirok etadi. «Gazeta.uz» undan O‘yinlarga tayyorgarlik, g‘alaba qozonish imkoniyatlari va mamlakatda chang‘i sportini qanday rivojlantirish mumkinligi haqida so‘radi.

Komiljon To‘xtayev Pekinda, PSR-testi natijasi salbiy chiqqanidan keyin. Shaxsiy arxivdan olingan surat.

Kasb tanlash va 2022 yilgi O‘yinlar haqida

Ilk bor 2 yoshligimda chang‘ida uchganman, lekin 16 yoshimda mashq qila boshladim. 17 yoshimda otam xorijlik murabbiy qo‘l ostida mashg‘ulot o‘tkaza olishim uchun Yevropaga safarim xarajatlarini to‘lab berdi. Bu katta progress berdi, shundan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasidan o‘rin oldim, Qishki sport turlari federatsiyasi hisobidan xorijga chiqish va chet ellik murabbiylar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazish imkoniga ega bo‘ldim.

Bo‘lg‘usi Olimpiya o‘yinlari — kareramda ikkinchisi. Pxyonchxanda (Janubiy Koreya — tahr.) bo‘lib o‘tgan avvalgi o‘yinlarda O‘zbekiston sharafini men va bugungi kunda faoliyatini yakunlagan figurachi Misha Ge himoya qildi. Bu yil tog‘ chang‘ichisi qizimiz ham musobaqaga borishi kerak edi, lekin u saralashdan o‘ta olmadi. Pekinda boshqa sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston nomidan chiqadiganlar yo‘q.

Komiljon To‘xtayev 2018 yil Pxyonchxandagi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston bayrog‘i bilan. Foto: MOQ.

1 fevraldan beri Xitoydaman. Men 13-kuni chiqish qilaman. Ungacha iqlimga moslashamiz va mashq qilamiz. Tayyorgarlik, ko‘nikmalarga ega bo‘lish, muzni his qilish uchun hali vaqt bor. Musobaqalarda barcha chang‘ichilar ikki martadan start olishadi. Ushbu ikki urinish yig‘indisiga ko‘ra, tog‘dan boshqalarga qaraganda tezroq tushgan sportchi g‘alaba qozonadi.

Pekindagi O‘yinlarda medallar uchun kurashishni juda xohlardim, lekin yevropalik sportchilarning saviyasi shunchalik yuqoriki, kuchli 30 talikka kirishning o‘ziyoq yaxshi natija men uchun. G‘alaba qozonish esa — shunchaki mo‘’jiza.

Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik haqida

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi barcha mamlakatlar sportchilariga O‘yinlarda chiqish qilish imkoniyatini beradi. Har bir Milliy olimpiya qo‘mitasi bittadan sportchini yuborishi mumkin. Ammo yo‘llanmani olish uchun, baribir, muayyan normativlarni topshirish kerak. Tog‘ chang‘i sportida bu 140 ballni tashkil etadi. Mamlakatlar o‘yinlarga 4 nafargacha sportchini yuborishi mumkin. Ammo agarda biror mamlakat birdan ortiq chang‘ichini yuborayotgan bo‘lsa, demak, barcha sportchilari dunyoning kuchli 100taligiga kirgan bo‘lishi kerak.

Pekinda medallarga da’vogar sportchilar milliy musobaqalar doirasida katta saralashdan o‘tishdi. Ularning katta jamoalari bor, mamlakat ichida jiddiy raqobat mavjud. Menda esa atigi besh raqibim bo‘lib, ularning ham chet elda mashg‘ulot o‘tkazish imkoniyatlari kamroq.

Mamlakat ichida raqobat past bo‘lgani uchun O‘zbekiston terma jamoasi tog‘ chang‘ichilarining O‘yinlargacha yetib borishi osonlashdi. Biz 140 balldan o‘tishimiz kerak, yevropaliklar esa bu me’yordan o‘ta oladigan o‘nlab vatandosh sportchilar bilan bellashishlari kerak. Lekin o‘zbeklar uchun shu 140 balldan o‘tish ham juda qiyin. Buning uchun mashg‘ulotlar O‘zbekistonda o‘tkazilmasligi kerak, chunki bugungi kunda mamlakatimizda sharoitlar mavjud emas.

Tog‘ chang‘i sporti — juda qimmat sport turi. Bola uchishni boshlashining o‘ziga kiyim-boshlar uchun 1000−1500 dollar sarmoya kiritish kerak. Bizda bunga qurbi yetadigan ota-onalar kam. Terma jamoaga kirish uchun Yevropaga safar qilish, xorijlik murabbiy yollash yoki o‘zbekistonlik murabbiy bilan xorijga ketish kerak. Bularning barchasini sportchi yonidan to‘lashi kerak, chunki boshida hech qanday yordam bo‘lmaydi.

Foto: Komiljon To‘xtayev.

Professional tog‘ chang‘ichilar uchun mashg‘ulotlar dasturi — oktabrdan maygacha chang‘i uchishdan iborat. Musobaqalar ham xuddi shu vaqt oralig‘ida bo‘lib o‘tadi. Iyunda sportchilar dam olishadi, keyin esa oktabrgacha ular tog‘larda muz ustida mashq qilish oyligi va umumiy jismoniy tayyorgarlik oyligini o‘tkazadilar.

Yozda men murabbiyim Ivan Vakulenko bilan umumiy jismoniy tayyorgarlikdan o‘tdim. Koronavirus cheklovlari tufayli oktabrgacha Yevropaga safar qilish imkoni bo‘lmadi. Boshqa sportchilar chang‘ida mashq qilishayotganda, men shtanga ko‘tardim. Chang‘i sportida esa tepalikdan tushishning o‘rnini bosadigan hech narsa yo‘q.

oktabr oyidan beri Yevropada bo‘ldim, u yerda menga italiyalik murabbiy Mattia Jannessi ustozlik qildi. Men u bilan Pekinga bordim. Yevropada biz har hafta kurortlarni almashtirardik, lekin biz buni tez-tez qilishimiz ham mumkin edi. Ushbu kurortlardagi barcha trassalar sportchilar uchun mo‘ljallangan va muz bilan qoplangan. Barcha chang‘i musobaqalari muz ustida o‘tkaziladi, shuning uchun uning ustida mashq qilish kerak bo‘ladi.

Bu 100 kishi bir xil trayektoriya bo‘ylab o‘tishi kerakligi bilan bog‘liq. Muz yuzasi o‘zgarmasligi kerak. Agar trassa qorli bo‘lsa, qanchadir vaqt o‘tgach, unda chuqurliklar paydo bo‘ladi va oxirgi ishtirokchi uchun trassa birinchi boshlaganlardan farq qiladi.

Tog‘ chang‘isi sportchilari uchun shunday sharoitlar bo‘lishi kerak. Ammo O‘zbekistonda buni amalga oshirish mumkin emas, chunki Amirsoy kurorti faqat sayyohlar uchun mo‘ljallangan. Bugungi kunda bu to‘g‘ri ham, chunki sportimizda xarajatlar juda ko‘plik qiladi.

O‘zbekistonda tog‘ chang‘i sporti haqida

Sportchilarimiz Yevropada Xalqaro chang‘i sporti federatsiyasi hisobidan shug‘ullanmoqdalar. Federatsiya milliy federatsiyalarga pul o‘tkazib beradi. Menda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan MOQga ajratilgan stipendiya ham bor. Bundan tashqari, Pekin Olimpiadasi oldidan Turizm va sport vazirligidan ham mablag‘ oldik.

Foto: Komiljon To‘xtayev / Facebook.

O‘zbekistonda chang‘i sportini rivojlantirish uchun kamida 10 nafar sportchi bo‘lishi kerak. Murabbiylar ham kerak. Sportchilarning mamlakat ichida mashq qilishlari uchun butun boshli tog‘da — eng yaxshisi, qor hech bo‘lmaganda noyabrdan maygacha turadigan uch ming metrlik tog‘da muzli trassa hosil qilish, sportchilar uchun alohida osma yo‘l qurish kerak. Kurort ushbu tog‘ uchun sportchilardan to‘lov talab qiladi. Ammo bizning mamlakatimizda chang‘ichilar juda kam. Sayyohlar esa bunday kurortlarga borishmaydi. Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham chang‘ichilar xuddi shunga o‘xshash muammolarga duch kelishmoqda. Yevropada esa sportchilar juda ko‘p, shuning uchun kurortlar ulardan pul ishlashlari mumkin.

Chiqish yo‘li — imkon qadar chet ellik xususiy homiy topish, chunki mamlakatimizda bu sport turiga qiziqish yo‘q. Chet ellik homiylarning O‘zbekiston chang‘ichilariga qiziqishi uchun esa sportchilar dunyoning kuchli 30 taligi yoki kamida 100 taligidan joy olishi kerak.

Bu sport turini rivojlantirishga davlat ham homiylik qilishi mumkin edi, lekin, aytganimdek, bu juda qimmat sport turi, shuning uchun men davlatimizdan xafa bo‘lmayman.

Bu galgi O‘yinlarda biz chang‘i sportlarining vatani bo‘lmish Yevropa sportchilari bilan raqobatlasha olmaymiz. Ammo Olimpiadadan so‘ng Osiyo chempionati boshlanadi, unda medal olish uchun imkoniyatlarimiz katta.