Toshkent viloyatida joylashgan «Tepa (Kultepa)» arxeologiya yodgorligining 2 gektar maydonida tadbirkor xom g‘isht ishlab chiqarayotgani aniqlandi. Bu Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda aniqlandi.

Parkent tumani Istiqbol mahallasidagi «Tepa (Kultepa)» arxeologiya yodgorligiga tegishli 2 gektar yer maydoni 2018 yil 28 sentabrda Parkent tumani hokimligi tomonidan qonun talablariga zid ravishda auksion savdolari orqali «U.Q.B» MCHJga xom g‘isht ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun berib yuborilgan.

Mazkur arxeologiya yodgorligi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktabrdagi [846-son] qarori bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. obyekt Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan.

2020 yilga kelib, yodgorlik yeridan foydalanib kelayotgan tadbirkor uni qonunchilik talablariga zid ravishda «U.M.P.» MCHJga sotib yuborgan. Ushbu tadbirkor ham obyektda xom g‘isht ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Mazkur sexga tuproq mahsulotini yetkazib berish majburiyatini «U.Q.B» MCHJ o‘z zimmasiga olgan. Tuproq esa, ushbu arxeologiya inshooti hududidan qazib olingan.

Toshkent viloyati moddiy meros boshqarmasi 2020 yilda yetkazilgan zararni aybdor shaxslardan undirish, mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rish, tuman hokimining qarori va oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni so‘rab, huquqni muhofaza qiluvchi va mutasaddi idoralarga murojaat qilgan. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari rahbarlariga ogohlantirish xatlari ham berilgan.

Biroq, MCHJ faoliyatini to‘xtatmagan. Shundan so‘ng, Milliy arxeologiya markazi mutaxassislari esa obyektni eramizning I-IV asrlariga oid ko‘chmanchi chorvadorlarga tegishli qabriston yodgorligi ekanligini aniqlagan. «Jamiyat mansabdor shaxslari tomonidan „Tepa (Kultepa)“ arxeologiya yodgorligi xududida xom g‘isht ishlab chiqarish va qazilma ishlari olib borilishi natijasida madaniy meros obyektiga 1,5 trln so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan», — deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘plangan materiallarni Bosh prokuraturaga yuborgan.

2021 yil dekabr oyida Toshkent viloyat prokuraturasi «U.M.P.» MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 32-moddasi 2-qismi, 205-moddasi 2-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda davlat yoki jamoat manfaatlariga zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazish) va 207-moddasi 1-qismi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.