Endilikda o‘qituvchilar uy vazifalarini o‘quvchi va ota-onalar bilan kelishgan holda Kundalik.com tizimi yoki istalgan boshqa ijtimoiy tarmoq va messenjerlar yordamida qabul qilishlari mumkin.

Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova Kundalik elektron platformasidan masofaviy ta’lim jarayonida foydalanish bo‘yicha savolga bergan javobida ma’lum qildi.

Ta’kidlab o‘tamiz, so‘nggi ikki hafta ichida ko‘plab o‘quvchilar va ularning ota-onalari uy vazifalarini Kundalik tizimiga yuklash bilan bog‘liq muammolarni qayd etishgan.

«40 daqiqa davomida farzandimning uy vazifasini ushbu platformaga yuklashga urindim. Natijada, hech foydasi bo‘lmadi, yuklanayotgani to‘g‘risidagi g‘ildirak aylanadi va brauzerni yuklanish tugamaguncha yopmaslik haqida xabar paydo bo‘ladi, lekin yuklash amalga oshmaydi!» — deya muammoni tariflaydi Facebook`dagi «Potrebitel.Uz» guruhi a’zosi.

Laylo Rustamova Xalq ta’limi vazirligi ko‘plab murojaatlarni inobatga olgan holda o‘qituvchi va ota-onalarga qulaylik tug‘dirish maqsadida masofaviy ta’lim davri yakuniga qadar elektron Kundalik platformasi bilan bog‘liq bir qator cheklov va talablar bekor qilinayotganini ma’lum qildi.

Bunda televideniye orqali efirga uzatilayotgan fanlar doirasida o‘qituvchilar tomonidan berilayotgan uyga vazifalar «Onlayn-maktab» televizion dasturi orqali efirga uzatilayotgan darslariga mos bo‘lishi lozim.

Uyga vazifa topshirilgandan keyin o‘qituvchilar tomonidan ularni baholash va qo‘yilgan baholarni Kundalik.com tizimiga yoki Kundalik.com joriy qilinmagan maktablarda bosma shakldagi sinf jurnallariga qo‘yish uchun 5(besh) kun muddat beriladi.