Yanvar oyining 25 kunida respublika bo‘yicha 280 mingta xonadonning 1 kunlik iste’moliga teng tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi, deb xabar berdi Energetika vazirligi.

Bu maxsus shtab tomonidan iste’molchilarning tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari tahliligi o‘tkazilganida ma’lum bo‘lgan.

Tadbir natijalariga ko‘ra, respublika bo‘yicha 215 ta holatda ulgurji iste’molchilar tomonidan 4 mln 900 ming kub metr hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan. Buning oqibatida gaz ta’minoti korxonalari manfaatlariga 5,5 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hajmdagi tabiiy gaz 280 000 ta xonadonning bir kunlik iste’moliga teng.

Aniqlangan barcha holatlar bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning sentabrida Samarqand viloyatida bir qator korxonalar gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangani aniqlangandi. O‘shanda o‘g‘irlikdan yetkazilgan zarar 2,8 mlrd so‘mga baholanmoqda.