Bu «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti respublikaning 6 ta hududi, xususan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida 800 nafar xotin-qiz orasida tadqiqot o‘tkazdi.

18−50 yoshlilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada 440 nafar shaharda, 357 nafar qishloq joylarda istiqomat qiluvchi ayollar ishtirok etgan.

Ulardan oilada turmush o‘rtog‘i tomonidan jismoniy kuch yoki haqoratli so‘zlar bilan kamsitish holatlari borasida so‘ralganida 60 foizga yaqin ayollar o‘z turmush hayotida bu kabi zo‘ravonlik va kamsitishlarga duch kelmaganini aytgan.

Har to‘rtinchi ayol (25%) ba’zi holatlarda duch kelishini, 7 foiz ayol esa bu odatiy hol ekanligini, 9 foiz ayol savolga javob berishni istamasligini ta’kidlagan. Hududlar kemisida salbiy holatlar ko‘proq Sirdaryo va Samarqand viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Ayollarning 40 foizi esa u yoki bu ko‘rinishda turli zo‘ravonlik, kamsitish va zug‘um o‘tkazilayotganini bayon etishgan.

Xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, 75 foizdan ko‘proq ayollarning ma’lum bir vaziyatlarda huquqiy bilimlari yetarli emasligi aniqlangan.

Xotin-qizlar quyidagi ma’lumot darajasiga ega:

  • 32,3% (257 nafari) oliy;
  • 49% (390 nafari) o‘rta;
  • 17,2% (137 nafari) o‘rta-maxsus;
  • 1,3% (13 nafari) esa to‘liqsiz o‘rta ma’lumot.

So‘rovda ishtirok etgan xotin-qizlarning 73,8 foizi turli sohalarda ishlaydi, 26,2 foizi esa ishsiz.

So‘rovnomaga javob bergan 48,9% ya’ni har ikkinchi ayolning hayotida — qonun va diniy me’yorlar ustunlik qiladi, 30.3% respondentlarda faqat qonunlar ustuvor. Shuningdek, Axloq qoidalari (6,4%), milliy urf-odatlar (5,4%) hamda (3,8%) diniy me’yorlarni o‘zlari uchun birlamchi hayotiy qadriyat sifatida biluvchilar soni nisbatan kam. Ular orasida o‘z shaxsiy manfaatlarini ustun qo‘ygan holda vaziyatga moslashib yashashni to‘g‘ri, deb biluvchilar (3,8%) ham bor.

Ishtirok etgan respondentlarning 75 foizdan ko‘prog‘i ma’lum bir vaziyatlarda huquqiy bilimlarining yetarli emasligini his qilgan. Bunda quyidagi masalalar o‘rin olgan:

  • 22,7% bank va moliyaviy masalalarda,
  • 20,6% ish joyidagi muayyan holatlarda,
  • 19,7% uy-joy bilan bog‘liq muammolar.

«Bu holat ular orasida huquqiy savodxonlik darajasi o‘rta darajadan ancha past ekanligini ko‘rsatmoqda», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, so‘rovda ishtirok etgan 89% farzandli ayollar o‘z bolalarining tarbiyasida huquqiy bilimlarga alohida e’tibor qaratadi. 57% ya’ni yarmidan ko‘pi doimiy ravishda farzandlariga huquqiy tarbiyani berib borishga intiladi. 40 foizga yaqini esa, ayrim hollarda huquqiy tarbiya bilan shug‘ullanadi. Farzandlariga qonun va huquq borasida ta’lim-tarbiya bera olmayotgan ayollar esa 5 foizga teng.

Qolaversa, ularning qonun, huquq va burch borasidagi tasavvurlari ham tekshirib ko‘rilgan.

Javoblarga ko‘ra, ayollarning:

  • 61,0% uchun qonun — bu tartib;
  • 53,8% uchun adolat;
  • 37,9% uchun himoya;
  • 15,4% uchun xalqni boshqarish usuli;
  • 12,1% uchun hayot kafolati.

Ayollarning huquqiy savodxonligini tekshirish maqsadida berilgan savollarga olingan javoblarning umumiy to‘g‘rilik darajasi 43,7 foizni tashkil etmoqda.

Bu holat ayollar orasida huquqiy savodxonlik darajasi o‘rta darajadan ancha past ekanligini ko‘rsatmoqda.