Qozog‘istonda elektr tarmoqlarini boshqarish bo‘yicha mas’ul operator KEGOC Qozog‘istonning janubiy viloyatlari, O‘zbekistonning ko‘plab viloyatlari va butun Qirg‘izistonni qamrab olgan Markaziy Osiyo yagona elektr tizimidagi o‘chish sabablari to‘liq tafsilotlarini e’lon qildi.

Operator ma’lumotlariga ko‘ra, 25 yanvar kuni Nur-Sulton vaqti bilan 11:59 (Toshkent vaqti bilan 10:59)da «O‘zbekistonda yuz bergan qisqa tutashuv tufayli Sirdaryo IESida 6ta energoblokda o‘chish ro‘y bergan va buni oqibatida yo‘qotilgan quvvat jami 1500 MVtni tashkil qilgan».

«O‘zbekiston energetika tizimida yuzaga kelgan elektr quvvati defitsiti O‘zbekiston va Qirg‘iziston energiya tizimlari bilan parallel ishlashga ulangan Qozog‘iston energetika tizimidan sanksiyalanmagan quvvat olinishiga olib kelgan. Natijada, 500 kVt kuchlanishli „Shimol — Sharq — Qozog‘iston Janubi“ tranzitida quvvat kuchlanishi ro‘y bergan va undan keyin ortiqcha yuklanish sodir bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Energetika uskunalariga zarar yetishiga yo‘l qo‘ymaslik va mamlakatning janubiy viloyatlarini elektr quvvatidan to‘liq o‘chib qolishdan himoyalash maqsadida, avtomatik tizim tranzitni uzadi va Olma-Ota, Jambil, Turkiston va Qizil o‘rda viloyatlarini alohida ishlashga ajratadi. KEGOCda ta’kidlashlaricha, avariyaga qarshi avtomatik tizim ishga tushishi tufayli Qozog‘istonning barcha janubiy viloyatlaridagi elektr stansiyalari o‘z faoliyatini to‘xtatmadi va iste’molchilarni umumiy quvvati 1500 MVt ga teng elektr va issiqlik ta’minoti bilan ta’minlash ishlarini davom ettirdi.

«Bu bilan Qozog‘iston janubiy hududining to‘liq uzilishining oldi olindi. 500 kVt kuchlanishli „Shimol — Sharq — Qozog‘iston Janubi“ tranziti bo‘yicha quvvat uzatish yo‘qligi tufayli majburiy cheklovlar taxminan 1800 MVtni tashkil etdi», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga «O‘zbekiston va Qirg‘iziston energetika tizimlari elektr stansiyalari bilan to‘liq o‘chdi, iste’molchilar elektrdan uzib qo‘yildi». KEGOC ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston energetika tizimida o‘chirilgan quvvat taxminan 9600 MVt (100% iste’mol)ni, Qirg‘izistonda — 2600 MVtga yaqinni (100% iste’molni) tashkil qildi.

Qayta tiklanish doirasida Qozog‘iston energetika tizimi O‘zbekiston va Qirg‘iziston energetika tizimlariga ushbu mamlakatlar elektr stansiyalariga quvvatni uzatish orqali yordam ko‘rsatdi. Bu ularga qayta tiklanish tadbirlarini boshlashda yordam berdi, deya ta’kidlagan kompaniya.

«Shuni ta’kidlash joizki, yuz bergan avariya raqamli mayning bilan shug‘ullanuvchi iste’molchilar faoliyati bilan bog‘liq emas», — deya qayd etmoqda KEGOC. Shu bilan birga elektr energiyasi defitsiti sharoitida Qozog‘istonda amaldagi qonunchilikka binoan mayning data-markazlariga rejali asosda elektr energiyasini yetkazib berish ishlari qisqartirilgan.

KEGOC ma’lumotnoma o‘rnida quyidagilarni keltirgan: «Qozog‘iston Respublikasining yagona energetika tizimi tizimlararo elektr uzatish liniyalari orqali ulangan va yagona texnologik rejim bilan birlashtirilgan MDH mamlakatlari va boshqa mamlakatlarning energiya uyushmasida parallel ravishda ishlaydi. Har bir davlat uchun bu juda katta iqtisodiy foyda keltiradi. Parallel faoliyat qo‘shni davlatlarda ortiqcha elektr energiyasini sotish yoki sotib olish imkonini beradi va bu barcha tizimlarga iqtisodiy naf keltiradi».

«Chegaradosh energiya tizimlarining parallel ishlashi tarmoq infratuzilmasini, ishlab chiqarish zaxiralarini qurish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qisqartirish imkonini beradi, chunki parallel ishlaydigan energiya tizimlari ularning elektr energiyasini uzatish, zaxira ishlab chiqarish quvvatlarini qo‘shnilar hisobidan qisman qoplaydi», — deya ta’kidlaydi kompaniya.

Eslatib o‘tamiz, 25 yanvar kuni KEGOC boshqaruvi raisi o‘rinbosari Bakitxan Jazikbayev «Nastoyaeye vremya»ga bergan intervyusida O‘zbekistondagi Sirdaryo IESda avariya yuz bergani, buni oqibatida stansiyaning 4ta energobloki ishdan chiqqanini aytgan edi. Bu Qozog‘iston energetika tizimidagi kuchlanishning oshishiga olib keldi.

26 yanvar kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Abdumalik Nazirov Sirdaryo IESda nosozlik yuz berganini tasdiqladi: «1600 MVtlik katta quvvat yo‘qotildi (IESning umumiy quvvati 3200 MVt — tahr.). Avariyaga qarshi himoyaning [ishga tushib ketishi] natijasida butun respublika bo‘ylab ishlab chiqarish obyektlari tizimdan uzib qo‘yildi.

Payshanba kuni qozog‘istonlik elektroenergetika bo‘yicha ekspert Petr Svoik «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida avariya Sirdaryo IESda sodir bo‘lgani haqida gapirgan edi. U, shuningdek, mintaqa energiya halqasi qanday tarkib topgani va inqiroz yana takrorlanishi mumkin yoki yo‘qligi borasida o‘z fikrlarini bildirdi.

O‘zbekiston Energetika vazirligi juma kuni bosh vazir raisligidagi hukumat komissiyasi yuz bergan hodisa sabablarini o‘rganishda davom etayotganini xabar qildi. «Komissiya ishi natijalariga ko‘ra, ma’lumotlar rasman e’lon qilinadi», — deyiladi xabarda.