Markaziy Osiyoning birdaniga uchta davlati — O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston 25 yanvar kuni keng ko‘lamda yuz bergan elektr ta’minoti uzilishidan aziyat chekdi. To‘xtash oqibatida O‘zbekiston aeroportlari ma’lum muddatga yopildi, Toshkent, Bishkek va Olma-ota ko‘chalarida svetoforlar ishlamay qoldi, issiqlik, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarida uzilishlar yuzaga keldi. Toshkentda metro poyezdlari to‘xtab, u yerdan yuzlab yo‘lovchilarni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri keldi.

Elektr uzatishdagi uzilishlar oqibatida O‘zbekistondagi 64 ta gaz konining faoliyati to‘xtab qoldi. Gaz ishlab chiqarish hajmining pastlab ketishi issiqlik elektr stansiyalarining faoliyatiga ta’sir ko‘rsatdi. Gaz quvurlarida gaz bosimi tushib ketib, qozonxonalar iste’molchilarni issiqlik bilan ta’minlay olmay qoldi. Yoqilg‘i quyish shoxobchalari bir kunga o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

Oradan bir necha soat o‘tib O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida elektr ta’minoti qayta tiklana boshladi. Suv, gaz va issiqlik ta’minoti qayta ishga tushirilishiga ko‘proq vaqt talab etildi. Mamlakat Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, elektr ta’minotining to‘liq qayta tiklanishi uchun ikki sutkadan ko‘p vaqt kerak bo‘ldi.

Hodisaning aniq sabablari va u qayerda sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi oshkor etilmadi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, voqea sabablarini o‘rganish va bunday holatlarning oldini olish rejasini ishlab chiqish bo‘yicha bosh vazir boshchiligida hukumat komissiyasi tuzildi.

Avariya o‘chog‘i qayer edi?


Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz»

Elektr energiyasi o‘chganidan bir soat o‘tib O‘zbekiston Energetika vazirligi qo‘shni Qozog‘istonning elektr tarmoqlarida avariya sodir bo‘lgani, buning natijasida Olma-ota, Chimkent, Taraz, Turkistonning ba’zi qismlarida elektr ta’minoti uzilib qolgani hamda Qirg‘iziston — Bishkek, O‘sh va boshqa viloyatlarga zarar yetkazilgani haqida xabar berdi. Qozog‘istondan kelayotgan L-530 liniyasida kuchlanish va chastotaning keskin o‘zgarishi mintaqaning yagona energetika tizimiga ulangan O‘zbekiston energetika tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Keyinchalik xabar o‘zgartirildi. Endi unda shunchaki elektr energiyasi o‘chishiga sabab Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘idagi yirik avariya sabab bo‘lgani aytilgan edi. Bu yagona energiya tizimiga ulangan Toshkent va Sirdaryo issiqlik elektr stansiyalarining avtomatik to‘xtab qolishiga olib kelgandi. Bu, o‘z navbatida, Tolimarjon va To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyalarining to‘xtashiga olib keldi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyati, Farg‘ona vodiysi, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari elektrsiz qoldi. «Gazeta.uz» manbalari Qoraqalpog‘istondagi elektr uzilishlari haqida xabar berishdi.

Energetika vazirligining boshqarma boshlig‘i Abdumalik Nazirov chorshanba kuni Xalqaro press-klub sessiyasida 25 yanvar kuni soat 10:57 da Sirdaryo IESida nosozlik kuzatilgani haqida xabar berdi.

«1600 MVt hajmidagi katta quvvat yo‘qotildi (IESning umumiy quvvati — 3200 MVt — tahr). Avariyaga qarshi himoya [ishga tushgani] natijasida butun respublikadagi ishlab chiqarish hajmi tizimdan uzildi… Agar elektr stansiyalarining energobloklari avariyaga qarshi himoya tizimi tufayli to‘xtatilmaganida, u holda generatorlarga ziyon yetgan va avariya holatini bartaraf etish uchun ko‘proq vaqt talab etilgan bo‘lardi», — dedi u.

«Energetika tizimi oldiga ulkan vazifa qo‘yilgan — bu barcha elektr stansiyalar va magistral liniyalarning yagona tizimga ulanishini qayta tiklash, sababi, avariyalarga qarshi himoya tizimining ishlab ketishi natijasida tizim avtomatik o‘chirilgan. Birinchi navbatda Chorvoq gidroelektr stansiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, u orqali elektr energiyasi energiya halqasining markaziy qismiga yetib bordi va energiya ta’minoti bosqichma-bosqich qayta tiklana boshladi», — deya bayonot Energetika vazirligi vakili.

Abdumalik Nazirovning ta’kidlashicha, avariya holati yuz bergach va IES tizimi o‘chgach, energiya ta’minoti Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida Turkmaniston, Farg‘ona vodiysida esa Qirg‘iziston orqali qayta tiklanishni boshlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shni davlatlar ko‘magisiz qayta tiklanish bosqichi ancha uzoq vaqtni olgan bo‘lar edi.

Qozog‘iston elektr tarmoqlarini boshqarish bo‘yicha KEGOC kompaniyasi avariyadan ko‘p o‘tmay, «Markaziy Osiyo (O‘zbekiston, Qirg‘iziston) energetika tizimida yuzaga kelgan jiddiy favqulodda nomutanosiblik tufayli «Qozog‘iston Shimoli — Sharqi — Janubi»da 500 kV elektr energiyasi tranzitida kuchlanish yuz bergani haqida xabar berdi.

«Natijada „Qozog‘iston Shimoli — Sharqi — Janubi“ tranzitida Qozog‘iston janubiy zonasidagi iste’molchilarning katta qismini qoplash orqali avariyaviy taqsimot yuz bergan. Cheklovlar hajmi taxminan 1500 MVtni tashkil etadi», — deyilgan edi xabarda. KEGOC ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston yagona energetika tizimi shu kunning o‘zida Nur-Sulton vaqti bilan soat 20:41da normal rejimda ishlay boshlagan.

Shu kunning o‘zida KEGOC boshqaruv raisi o‘rinbosari Bakitxan Jazikbayev «Nastoyaeye vremya» dasturida bergan intervyusida O‘zbekistondagi Sirdaryo IESida avariya yuz bergani va buni oqibatida stansiyaning 4ta energobloki ishdan chiqqani haqida ma’lum qildi. Mazkur holat Qozog‘iston energotizimida kuchlanish oshishiga olib kelgandi.

Qirg‘izistonda ham o‘z navbatida avariya ular hududida yuz bermagani haqida bayonot berildi. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbari Akilbek Japarov shunday dedi: «Bu aniq bizning hududimizda ro‘y bermagan, biz bu haqda qo‘shnilarimizga aniq ayta olamiz, kerak bo‘lsa, ko‘rsatib va dalillab berishimiz ham mumkin. Bu aynan qayerda va qanday sabab bilan yuz berganini, uchta davlat hukumatlari iltimosiga binoan bunday hodisalar kelajakda yuz bermasligining oldini olish maqsadida tashkil etilgan komissiya aniqlashtiradi, deb o‘ylayman».

Japarovning ta’kidlashicha, qirg‘izistonlik energetiklar texnik jihozlarning ishdan chiqishiga yo‘l qo‘yishmadi, shu bois mamlakatning barcha strategik obyektlari odatdagi tartibda ishlashda davom etdi.

«Avariya Sirdaryo IESida ro‘y bergan»


Petr Svoik. Foto: Facebook.

«Gazeta.uz» qozog‘istonlik siyosatshunos va energetika sohasi eksperti Petr Svoik bilan bog‘lanib, undan blekautning ehtimoliy sabablari, Markaziy Osiyo energetika halqasini qanday tarkib topgani va kelajakda shu kabi baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun nima qilish kerakligi haqida so‘radi.

O‘zbekistonda Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida qisqa tutashuv tufayli 4ta blok otib yubordi va 1500 MVtga yaqin energiya yo‘qotildi. Bu bizning dispetcherlik xizmatlarimiz xabariga ko‘ra, men ular 100% haq, deya turib olmayman. Ammo biz tomonning versiyasi xuddi shunday.


Sirdaryo IES. Foto: O‘zbekiston Energetika vazirligi.

Avariya yetarli darajada jiddiy, ammo u lokal. U hatto ushbu stansiya uchun ham halokatli emas, chunki quvvatlarning aksariyat qismi ish faoliyatini to‘xtatmagan. Buning oqibati o‘laroq, Qozog‘istonda, bu joydan bir necha yuz kilometr uzoqlikda bizning shimoliy energiya zonamizni janubiy bilan bog‘laydigan liniyalardan birida o‘chish yuz bergan.

Ushbu uzilishning oqibati sifatida boshqa bog‘lovchi liniyalar ham o‘chishga tushdi va shu singari ko‘plab holatlar yuz berdi, jumladan, butun boshli Markaziy Osiyo halqasi parchalandi — avtomatika ishlab ketishining oqibati edi bu. Aytgancha, ishlab ketgani yaxshilikka edi. Shunday ishlab ketdiki, uzilish ro‘y berganidan so‘ng birorta stansiya nolga o‘tirmadi, birorta transformator podstansiyasiga shikast yetmadi, garchi bunday ish osonlikcha yuz berishi mumkin edi. Qolaversa, qayta ishga tushirilish ishlari ham oson va tez bo‘ldi. Lekin umuman olganda, bir mamlakatda mahalliy miqyosda yuz berib, boshqa mamlakatda aks-sado topadigan va ulkan halqa bo‘ylab davom etib ketgan avariyaning avj olib ketishi — mulohazaga molik masaladir.

Markaziy Osiyo energiya halqasi qanday tarkib topgan


Manba: «Energiya» muvofiqlashtirish-dispetcherlik markazi, 2018 yil.

Mana bizning (Qozog‘istonning — tahr.) shimoliy zonamiz, u shuningdek, Rossiya energetika tizimining ham bir qismi sanaladi, hozircha yetarli miqdorda generatsiyaga ega, ammo zaxirasi unchalik katta emas. Bizning janubiy zonamiz esa allaqachon butunlay defitsitli. Qolaversa, bizning janubiy hududimiz bir vaqtning o‘zida Markaziy Osiyo hududi sanaladi.

Misol keltiraman: elektr energiyasi Olma-otadan, bizning qozoq tarmoqlari orqali qozoq Taraziga, so‘ngra esa Chimkentga yetib borishi uchun bu elektr quvvati Qirg‘izistonning Bishkekidagi podstansiyadan o‘tishi kerak. Qirg‘izlardan bizning janubimiz Taraz, Shimkentga kelgach, bu halqa Toshkentga qarab ketadi va so‘ngra O‘zbekiston hududi bo‘ylab sizlarning yirik podstansiyalaringizni qamrab olgan holda, yana qirg‘iz podstansiyasiga keladi va va qirg‘izlar orqali yakunlanadi.
da orqali yopiladi. Ya’ni, bu shunday — hamkorlikda ishlaydigan qozoq-o‘zbek-qirg‘iz halqasidir. U jisman «temirda», faqat hamkorlikda ishlashi mumkin, alohida ishlay olmaydi.

Keyinchalik O‘zbekiston hududida ushbu halqa boshqa bir halqa — tojik halqasi bilan bog‘lanadi va tojiklarda tarmoqlanish Turkmanistonga qarab ketadi va bu yerda uni o‘chirib qo‘ysa ham bo‘ladi. Ya’ni butun qozoq janubimiz bir vaqtning o‘zida ham o‘zbek, ham qirg‘iz va qisman tojik janubidir. Xuddi shimolimiz singari — u bir vaqtning o‘zida Rossiyaniki ham. Butun janub, u xoh qozoq, xoh o‘zbek, xoh qirg‘iz, yoki tojik hududi bo‘lsin, — butunlay defitsitli va hech kimda uni rivojlantirishga mablag‘ yo‘q — xuddi mana shu shimolimiz va janubimiz o‘rtasidagi tutashuvchi liniyalar hatto normal holatda ham haddan tashqari kuchlangan bo‘ladi. Yoki ularning o‘tkazuvchanlik qobiliyati so‘nggi chiziqqa o‘ta yaqin.

Aynan shuning uchun ham nisbatan kichik, hatto 1600 MVt energiyaning yo‘qotilishi — to‘g‘ri, bu kam emas, ammo bunday ko‘lamlar uchun u Yerga uchib kelayotgan asteroiddek bo‘la olmaydi… Mana, bularning barchasi sodir bo‘lgan Sirdaryo elektr stansiyasida o‘rnatilgan quvvat 3000 MVt dan ortiq. Shuning uchun, 1600 MVt yo‘qotilgan taqdirda ham, bu uning yarmi. Bu O‘zbekiston energetika tizimi uchun sezilarli, albatta, ammo bu halokatli emas. [Tizim] to‘kilishining sababi butun janub total ravishda defitsitli ekanligida, ayni vaqtda esa janubning shimol bilan aloqasi qizil nuqtaga yetgan.

Energiya halqasidagi muammolar

«Temirda» biz siz bilan umumiy energiya tizimiga egamiz, u boshqacha ishlay olmaydi. Ammo iqtisodiy, moliyaviy ma’noda biz bo‘linganmiz. Har birimizning o‘z suveren bozorimiz, ichki munosabatlarimiz mavjud. Tizim yagona bo‘lishiga qaramay, millatlararo munosabatlar — qiymat ma’nosiga ega va kuchlanishlar hech kimning xohishiga qaramay yuz berib turadi. Agar bizning liniyalarimiz o‘chirilmaganida edi, siz bizdan yetishmayotgan 1500 MVtni olgan bo‘lar edingiz. Kimdir bunga ruxsat bergani uchun emas, balki simlar ulangani bois energiya o‘sha tomonga yo‘nalar edi. Shunga qaramay, pul borasida ham, va hatto dispetcherlash borasida ham bo‘linganmiz.

Toshkent — Markaziy Osiyoning energiya markazi emas, ammo O‘zbekiston — bu Markaziy Osiyoning boshqa respublikalari bilan chegaradosh bo‘lgan mamlakat, u yagona shunday davlat. O‘z vaqtida Toshkentda markaziy-dispetcherlik punkti mavjud bo‘lib, u qolgan punktlarni boshqargan va shunday vakolatlarga ega bo‘lgan. Hozirda Toshkentda qandaydir o‘zbek markaziy dispetcherlik punkti bor, biroq men u haqda tafsilotlarga ega emasman, u ehtimol, qirg‘iz va tojik energetiklarini nazorat qilar ham. Ehtimol, ularni boshqarmasa ham, harholda o‘zaro bog‘liq holda ishlaydi.

Bizda, Qozog‘istonda, o‘z tizim operatorimiz, o‘z dispetcherlik xizmatimiz bor va o‘ylashimcha, ular qandaydir tarzda siznikilar bilan muloqot olib boradi. Muloqot qilmaslikning imkoni yo‘q. Ammo muloqot bor joyda, bir vaqtning o‘zida o‘ziga xos suverenlikka intilish, bo‘linish bo‘ladi. Qayerdadir ma’lumot zudlik bilan va to‘liq hajmda yetkazilishi, qayerdadir hatto bir-birlariga sansalorlik qilishga va hatto aytmaslikka tayyor bo‘lishlari mumkin. Ba’zi siyosiy va hokazo sabablarga ko‘ra.

Misol uchun, men, Sirdaryo IES haqida bizning dispetcherlarimiz xabarlari orqali bilgan edim. Sizlarda nima ro‘y bergan, bunisidan xabarim yo‘q. Shunday ekan, agar elektr energiyaning umumiy bozori tashkil etilar ekan, u holda hamkorlikdagi qandaydir dispetcherlik masalasini ham hal qilish kerak bo‘ladi. Bu punktlar qayerda joylashishi — bu masalaning bitta tomoni, ammo intizom va dispetcherlik, moliya jihatidan ma’lum bir iyerarxiya juda zarur.

Avariyaga qarshi tizim qanday ishlaydi?

Elektr quvvatining o‘chishi yuz bergani sababi shundaki, bizning shimol va janubimiz bo‘lingandan keyin qolgan hammasi bo‘linishni boshladi. Markaziy Osiyo halqasi — qozoq-o‘zbek-qirg‘iz halqasi ham parchalandi. Mana, avtomatika (avtomatik rele himoyasi va avtomatlashtirish tizimi — tahr.) ishlab ketdi. Bu aloqalar barham topganida esa elektr stansiyalari avtomatik ravishda ortiqcha bosimni chiqarib yuboradi.

Ekstremal vaziyatlarda avtomatikaga kiritilgan algoritmlar iste’molchilar haqida emas, balki energetika tizimini qutqarish haqida o‘ylaydi. Ular energiya tizimini taqsimlaydi va elektr stansiyalarini ortiqcha bosimdan xalos etadi. Va faqat ushbu bo‘lingan energiya tizimi va ortiqcha bosimdan xalos bo‘lgan elektr stansiyalari ichida toifalar bo‘yicha sanab o‘tilgan iste’molchilarning elektr ta’minoti saqlanib qoladi. Hammasi o‘chgan emas, avtomatlashtirishda yozilgani, o‘chirilishi mumkin bo‘lgani o‘chdi. Masalan, issiq suv ta’minoti, kasalxonalar va boshqalar, meni o‘ylashimcha, o‘chirilmadi. Avtomatika o‘ziga xos tarzda yetarlicha aqlli va ayni vaqtda to‘g‘ri ishlagan.

Birinchidan, energotizimning alohida tugunlarida avariya holati ro‘y berishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Ikkinchidan, kerak bo‘lsa zaxirasi bilan shunday energotizimga ega bo‘lish kerak-ki, u hatto qayerdadir nimadir ro‘y beradigan taqdirda ham to‘kilmasin.

Bu yana takrorlanishi mumkinmi?


Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

«Ha, butunlay. Chunki hammasi zo‘riqish chegarasida ishlamoqda. Va agar shunday ekssesslar yuz bersa, 1000 MVt, 1500 MVtlab quvvatlar qayerdadir yo‘qolib qolaversa, u holda yana takrorlanishi mumkin. Agar o‘sha vaqtda liniyalar haddan tashqari kuchlanish bilan ishlayotgan bo‘lsa, ular o‘chishni boshlaydi va hammasi takroran yuz beradi.

Nima qilmoq kerak? Umuman olganda, imzolangan rejalarni bajarmoq lozim. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi prezidentlari ikki yil avval neft, gaz va elektr energiyasining umumiy bozorini yaratish rejasini imzolagan edi. Bunday bozor 2025 yilga borib tashkil etilishi kerak. Bu bozorni yaratibgina qolmay, uni bunday noxush barcha muammolarga olib kelgan o‘sha yetishmayotgan ishlab chiqarish bilan to‘ldirish kerak bo‘ladi.

O‘zbekiston energiya halqasida elektr energiyasini uzatmoqdami yoki iste’mol qilmoqda?

Agar rasmiy munosabatlarni oladigan bo‘lsak, unisi ham, bunisi ham emas. «Temirda», albatta, har soniyada nimadir ro‘y beradi. Agar dispetcherlik svodkalarini sutkalar va oylar taqsimotida olib qaraydigan bo‘lsak, u holda qozoqlarning o‘zbeklar bilan hech qanday munosabatlari yo‘qligini ko‘rish mumkin. Yanayam to‘g‘rirog‘i: ba’zida bo‘lib turadi. Qirg‘iziston bilan ko‘proq. Shunchaki Qirg‘iziston bizdan keyin, ya’ni, qirg‘izlardan o‘tib o‘zimizning janubimizni to‘yintira olmaymiz. O‘zbeklar bilan esa bizda to‘liq suverenitet.

Energiya tizimini avtonom tarzda rivojlantirish mumkinmi?


«Albatta, mumkin, ammo bu yerda quyidagilarni yaxshi anglash kerak. Zamonaviy energetika — bu kollektiv ish. Har kim o‘z bo‘lagiga ega, biroq aslida bu umumiy tizim. U SSSR deb atalgan ushbu yirik davlat doirasida hamma narsa o‘z-o‘zini ta’minlashga qurilganligi natijasida paydo bo‘lishi mumkin edi.

Avval boshda GOELRO rejasi bo‘lgan (Rossiyani elektrifikatsiyalash bo‘yicha davlat rejasi — tahr.), o‘sha vaqtlarda amerikaliklardan, nemislardan, xullas kimdan xarid qilish mumkin bo‘lsa, xarid qilishardi. Ammo umuman olganda, SSSR energetika kompleksi o‘z qozonlari, turbinalari, generatorlari, asosiy jihozlarni ishlab chiqarishda turib qoldi, — bularning barchasi mahalliy ishlab chiqarish edi. Ular balki Boltiq bo‘yida yoki Xabarovskda ishlab chiqarilgan bo‘lishi mumkin, ammo bularning barchasi mahalliy edi. Bu shu turdagi infratuzilmani yaratishning o‘ziga xos sharti edi.

Agar siz O‘zbekistonning energetika sohasini alohida rivojlantirishga bel bog‘lgan ekansiz, u holda, birinchidan, bu qismning o‘zi Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston umumiy energetikani rivojlantirish masalasini birgalikda hal qilganda kerak bo‘ladigan harajatlardan ko‘prog‘ini talab etadi. Qolaversa, iqtisodiy yechimlari ham samarasiz bo‘ladi.

Ikkinchidan, agar siz uni boshqalardan sotib olinadigan ishlar hisobiga rivojlantirsangiz, u muqarrar ravishda bir oz oldin yoki keyin mahsuloti ayrim, aholining ta’minlangan qismi va jiddiy biznesgagina cho‘ntakbop bo‘lgan elita tizimga aylanadi. Qolganlar esa sham yoki boshqa biror mahsulotga o‘tishlari kerak bo‘ladi. Boshqadan xarid qilinadigan ish evaziga o‘zinikini yaratib bo‘lmaydi.

O‘zbekistonda AES qurilishi bilan nima o‘zgaradi?


Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda Rossiya loyihasi bo‘yicha barpo etiladigan bo‘lajak AES maketini tomosha qilishmoqda, 2018 yil, oktabr. Foto: Aleksey Nikolskiy / RF prezidenti matbuot-xizmati / TASS.

Atom elektr stansiyasini qurish to‘g‘risidagi qaror — barcha sabablarga ko‘ra juda to‘g‘ri. Bu yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, gaz generatsiyasining o‘rnini bosish demak, axir sizlar katta ishlarni boshlab, ko‘plab gaz quvvatlarini barpo etdingiz, hatto bug‘-gaz qurilmalarini ham — bu yuqori texnologiyalar degani, bu juda samarador, ammo gaz abadiy emas va uni diversifikatsiyalash lozim.

Atom elektr stansiyasi juda foydali bo‘lardi, faqat u o‘zbekniki bo‘lsa, ammo u o‘zbekniki bo‘lolmaydi. Shunchaki, O‘zbekiston bunday stansiya uchun juda kichik. Siz hech bo‘lmaganda birinchi blokni ishga tushirish bosqichiga yaqinlasha boshlaganingizda butun Markaziy Osiyo energetika tizimini yagona bir butunga aylantirish siz uchun hayotiy zaruratga aylanadi. Undan tashqari, Markaziy Osiyo energetika tizimi zarurat tug‘ilganda Qozog‘iston janubi orqali Qozog‘iston shimoliga to‘la quvvat bilan yetib borishi kerak. AES quvvati o‘zbekning tor bozorida ishlashga harakat qilishga juda kattalik qiladi.

Yevroosiyo Ittifoqiga a’zo bo‘lasizmi yoki yo‘q, biroq, agar siz atom elektr stansiyasi bo‘yicha qaror qabul qilgan ekansiz yevroosiyo energetika tizimiga qo‘shilmasdan ilojingiz yo‘q.

Modomiki siz Rossiya «Rosatom"ining taklifiga rozi bo‘lgan ekansiz, undagi zanjir quyidagichadir: uni shunday bir qopqon, tuzoq, deyish mumkiy-ki, quv ruslar soddadil o‘zbeklarni unga tushira olgan va endilikda o‘zbeklar hech qayerga bora olmaydi. Bunga umumiy energetika majmuasiga jalb qilish deb ham qarash mumkin, biroq bu holda siz o‘zingiz zudlik bilan, ehtimol ular u yoqda sizdan buni iltimos qilayotgani ham yo‘q, Yevrosiyo Ittifoqi eshiklarini taqillatishingiz, shunchaki taqillatibgina qolmasdan, bir vaqtning o‘zida to‘liq chuqur integratsiyani talab qilishingiz kerak bo‘ladi.

Va qandaydir MIFI yosh o‘zbeklarni Toshkentdagi filialida ushbu atom elektr stansiyasida o‘qitishigina emas, balki Toshkent MIFI filiali kadrlar tayyorlash bo‘yicha yagona tizimning umumiy qismi bo‘lsin va bu tizim doirasida Qozog‘iston ishtirokida uran xom-ashyosini qazib olish, uni boyitish, va qoldiqlarini zararsizlantirish masalalariga yechim topilsin. Bu umumiy loyiha bo‘lsin.

Afg‘onistonni energiya halqasiga ulashni imkoni bormi?

Afg‘oniston savdo bozoriga, ya’ni o‘zbek quruvchilari har xil turdagi elektr stansiyalarni faol qurishi mumkin bo‘lgan joyga aylanishi mumkin. U yerda suv resurslari va ko‘mir keragidan ortiq. Mamlakat energiya tizimi ham zaif, yetarli darajada emas, ammo u yerda energiya resurslari keragidan ziyod. Afg‘onistondan so‘ng Pokiston. Ya’ni faqatgina Afg‘onistonni savdo bozoriga aylantirib qolmasdan, balki Hind okeanigacha yetib borish mumkin. Ammo Afg‘oniston yaratish bo‘yicha hamkor emas, balki qurilish uchun maydon bo‘ladi. Tabiiyki, bu kabi o‘zbek loyihasi mintaqaviy bo‘lishi kerak. Afg‘onistonning energetik rivojlanishini O‘zbekistonning yolg‘iz o‘zi «torta olmaydi».

Mana sizlar o‘z atom stansiyangizni barpo etishni boshlasangiz va boshlaysiz ham, ishonchim komil, buni amalga oshirishingizga to‘g‘ri keladi, hatto kimdir bor kuchi bilan suverenitetni yoqlaydigan taqdirda ham, pragmatik zarurat tufayli elektr energiyasi umumiy bozoriga qo‘shilishingizga, Yevroosiyo ittifoqiga a’zolikka qabul qilishlarini so‘rashingizga to‘g‘ri keladi, yanada ko‘proq integratsiyani talab qila boshlaysiz va qarabsiz-ki, Afg‘oniston ham jarayonga jalb etila boshlaydi.
Ehtimol, u Yevroosiyo ittifoqi ishtirokchisi emas, balki, ishlar bitta tizim doirasida olib boriladigan assotsiyalashgan a’zo maqomiga ega bo‘lar".

Maynerlarning aybi bormi?


Qozog‘istondagi Enegix mayning markazi. Foto: Coindesk.com.

Qozog‘istonning KEGOC kompaniyasi 21 yanvar kuni kriptovalyuta mayningi bilan shug‘ullanuvchi 196 tashkilotga ularni «Qozog‘iston YAESida elektr energiyasi va quvvat balansini ushlab turish bilan bog‘liq keskin vaziyat tufayli» fevral oyigacha elektr energiyasidan uzish haqida ogohlantirish maktubini yo‘llagan edi. Ko‘pchilik tizimdagi kuchlanish maynerlar tufayli yuz berganini taxmin qildi.

«Mayning oxirgi yillarda defitsit chuqurlashishini tezlashtirgan o‘ta kuchli qo‘shimcha omil ko‘rinishini oldi. Mayning ko‘plab holatlarda bu singari defitsit shakllanishiga va mos ravishda ushbu avariya tizimlari rivojlanishiga xizmat qildi. Xitoy allaqachon maynerlarni quvib chiqardi, Rossiya mayningni taqiqlamoqchi. Qozog‘iston bu hodisalardan so‘ng mayningni o‘chirmoqda, ammo bularning barchasi jiddiy yirik mayningga tayyorgarlik. Nega deganda ayni vaqtda bu kelib chiqishi noaniq bo‘lgan allaqanday bitkoinlarga ishlashdan boshqasimas. Elektr energiyasini mana shu ish uchun ishlab chiqarish va sarflash — bu milliy resurslarni milliy iqtisodiyotga hech qanday naf keltirmaydigan tarzda sarflash demak. U yerda allaqanday shunchaki ramziy pul to‘lanadi, lekin bu shunchaki o‘ta xunuk holat.

Dunyo nafaqat raqamli inqilob, balki raqamli pullar ostonasida turibdi. Ular, shak-shubhasiz, Xitoyda ham, Rossiyada ham paydo bo‘ladi. Hozir xitoylar ham, ruslar ham maynerlarni ular bilan umrbod vidolashish uchun quvib yuborayotgani yo‘q, buning sababini tez orada ehtimol, davlat mayninggi paydo bo‘lishi bilan ham izohlash mumkin. Mayning esa qo‘rqinchli darajada ko‘p energiya talab qiladigan ishdir va agarda biz o‘z energiya tizimimizni rivojlantirishga, defitsitni yo‘qotishga va ma’lum zaxirani, deylik, misol uchun, Afg‘onistonni ham, Pokistonni ham ta’minlay oladigan darajadagi zaxirani jamlashga muvaffaq bo‘lsak, — mayning uchun qo‘shimcha zaxiralarni tashkil etish — juda foydali bo‘ladi.

Bu energetiklar uchun shunchaki sovg‘a: yirik elektr stansiyasi yonida, qariyb uning shinalari oldida oldindan ayta oladigan rejimda ulkan miqdordagi elektr energiyasini iste’mol qiluvchi ulkan shkaflar joy oladi.

Agar bu mayning uchun normal to‘lov amalga oshirilganida va undan soliq olinganida, u holda bu milliy energetikaning ajoyib tarmog‘iga aylanardi. Shu bois, bizning hamkorlikda quvvatlarni to‘plash, atom elektr stansiyasini qurish masalasi ham ana shunday xalqaro mayning uchun yaxshi asos hamdir.

Zarar uchun kim javob beradi


Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz».

«Axir biz suverenmiz-ku. Hammasida o‘zbeklar aybdor, deb aytamiz. O‘zbeklar esa hammasiga qozoqlar aybdor, deydi. Shu bilan bahs tugaydi. Menimcha, bizning sizlar bilan qo‘shma bozor va qo‘shma hisob-kitoblar bo‘yicha hech qanday kelishuvimiz yo‘q.

Ba’zi operativ hujjatlar bor, ularda allaqanday kuchlanishlar yuz bergan taqdirda, hisob-kitoblar mana bu xilda amalga oshiriladi, deya tushuntirilgan. Dispetcherlik xizmatlari faoliyat yuritmoqda, aloqa mavjud. Moliyaviy xizmatlar ishlayapti, hech qanday muammo yo‘q. Ammo mana shu kuchlanish uchun to‘lovni qanday amalga oshirish kerakligi haqida emas, balki kim aybdorligi va kim to‘lashi kerakligi borasida bahs boshlanishi bilan, ushbu qo‘llanmalarning birortasi shunchaki ish bermay qo‘yadi.