26 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi Fozilxodja Arifxodjayevga nisbatan jinoyat ishi yakuni bo‘yicha sud hukmini e’lon qildi, deb xabar berdi poytaxt sudlari matbuot xizmati.

Hukmga ko‘ra Fozilxodja Arifxodjayev Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib) jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mazkur hukmdan norozi taraflar 20 kun ichida apellyatsiya tartibida shikoyat berishlari yoki prokuror tomonidan protest bildirilishi mumkin.

Fozilxodja Arifxodjayev kim va nimaga uni hibsga olishdi?

41 yoshli Fozilxodja Arifxodjayev davlat xizmatchilari, din sohasida hokimiyat vakillarining siyosatini, shuningdek, ayrim masjidlarning imomlarini bir necha marotaba va keskin tanqid qilgan.

2021 yilning 26 iyun kuni Arifxodjayev Olmazor tumanida joylashgan «To‘xtaboy» jome masjidiga borib, diniy bloger Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy nomi bilan tanilgan) ma’ruza qilayotgan vaqtda uni «munofiq» deb atagandi. Ta’kidlash joiz, ularning o‘rtasidagi mojaro bir necha yillardan beri davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ular bir-birining nomiga qarata murojaatlar, shu jumladan haqoratli so‘zlar bilan chiqishgan.

Masjiddagi hodisadan so‘ng, Fozilxodja Arifxodjayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasiga (mayda bezorilik) ko‘ra, 15 sutkaga qamalgandi.

Biroq, muddat tugashi bilan u ozodlikka chiqarilmagan. Toshkent shahar IIBB ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruv jarayonida «huquqni muhofaza qiluvchi organlarga Fozilxodja Arifxodjayevning telefonida shubhali diniy mazmundagi materiallar mavjudligi va ularni boshqa fuqarolarga namoyish etganligi» haqida xabar kelib tushgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasiga ko‘ra, uning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Fozilxo‘ja Arifxodjayev» nomli profiliga joylashtirilgan «ayrim materiallar diniy aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallar sirasiga kirishligi aniqlangan». Ularni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.

Toshkent IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi JKning 244−1-moddasi 3-qismi «g» bandi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi.

Human Rights Watch munosabati

Human Rights Watch (HRW) nohukumat tashkiloti 9 dekabr kuni mahbusning oilasiga asoslanib, tergov hibsxonasida Fozilxodja Arifxodjayev shafqatsiz munosabatga duchor bo‘lganligi va tibbiy yordamdan mahrum qilingani haqida xabar bergandi. Uning qarindoshlariga ko‘ra, uning sog‘lig‘i keskin yomonlashgan.

Sudlanuvchining advokati Sergey Mayorov hukumat vakillari koronavirus pandemiyasiga asoslanib, uni himoyasi ostidagi shaxs bilan ko‘rishtirmaganini aytgandi. 13 iyul kuni himoyachini ichki ishlar bo‘limiga chaqirib, Arifxodjayevga nisbatan 2021 yil 6 mart kunida «musulmonga musulmon bo‘lmaganlarni diniy bayramlar bilan tabriklashi o‘rinli bo‘ladimi», deya izohlangan xabar e’lon qilgani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingan, deyiladi tashkilot bayonotida.

Sergey Mayorov HRW`ga davlat ekspertizasi yakuni bo‘yicha ma’lumot bergan. Unda post mazmuni «aholi o‘rtasida vahima sabab bo‘lishi» va o‘zida «diniy fundamentalizm»ni aks ettirishi mumkinligi qayd etilgan. Shundan so‘ng, advokat oshkor qilmaslik to‘g‘risidagi qog‘ozga imzo chekkan.

«Facebook`da e’lon qilingan musulmon boshqa e’tiqod vakillarini ularning diniy bayramlari bilan tabriklashi mumkin yoki yo‘qligi haqidagi post ayrimlar uchun baxsli bo‘lishi mumkin, lekin bu so‘zsiz jinoyat hisoblanmaydi. Bundan tashqari, inson huquqi sohasida so‘z [erkinligi] xalqaro normalar bilan himoyalangan»", — deyiladi huquq muhofazasi tashkilotida.

Human Rights Watch Arifxodjayevning ushlab turilishi «o‘zboshimchalik va xalqaro huquqni buzish» hisoblanadi. «So‘z erkinligi va erkinlik huquqi, xavfsizlik, tegishli huquqiy tartib-tamoyillar va insonparvarlik murojaatlarini hurmat qilish majburiyatlarining ochiq-oydin buzilishi O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha BMT Kengashida o‘z o‘rniga ega chiqqanida sodir bo‘lmoqda», — deyiladi xabarda va tashkilot mahbusni zudlik bilan ozod qilishni talab qildi.

Sud qanday o‘tdi?

Advokat Sergey Mayorov «Gazeta.uz» bilan suhbatda sud jarayoni ochiq bo‘lgan, biroq, jarayonga sudlanuvchining faqat yaqin qarindoshlari kiritilgan — Namangandan kelgan yaqin do‘sti esa kira olmagan.

«Sud juda jirkanch o‘tdi. Bizning barcha argumentlarimiz, barcha dalillarimiz va iltimoslarimiz bekor qilindi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prokuror suddan ayblanuvchiga maksimal jazo — 8 yil berishni so‘ragan, yakunda esa sud 7,5 yil berdi.

Sud jarayonida advokat Fozilxodja Arifxodjayev u ayblanayotgan jinoyatni sodir etmaganini ta’kidlagan.

Sergey Mayorov uning himoyasi ostidagi shaxs va «hukumatga aloqador bloger Abror Muxtor Aliy o‘rtasida bir necha yildan beri islomdagi pozitsiyalarining nomuvofiqligi asosida» adovat yuzaga kelgan. Himoyachi dushmanlik bir necha bor «Muxtor Aliy tomonidan haqoratlash va tahdid qilishga» aylanib ketgani, qolaversa, Arifxodjayevning «yaqinlarini, shu jumladan, uning onasini haqorat qilishgacha» yetib borganiga ishontirmoqda.

Advokat sudlanuvchining onasi haqoratlar ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bergan, biroq, «davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan uning arizasiga hech qanday munosabat bildirilmagan». Himoyachining so‘zlariga ko‘ra, bunga ariza hukumatga aloqador blogerga qarshi taqdim etilgani sabab bo‘lgan.

Masjiddagi voqeadan so‘ng, «Abror Muxtor Aliy ariza bergan va davlat xizmatlarini Fozilxodja Arifxodjayevni mayda bezorilik uchun maksimal jazoga tortish — 15 sutkaga qamatishga ishontira olgan», deb hisoblaydi Sergey Mayorov.

Garchi ombudsman, nohukumat tashkilotlar vakillari va boshqalar ayblanuvchi bilan uchrashgan bo‘lsada, advokat 30 iyundan 13 iyulga qadar o‘z himoyasi ostidagi shaxs bilan koronavirus pandemiyasi sabab ko‘risha olmagan.

«Undan noqonuniy ravishda telefonini tortib olishgan. O‘zbekistonda shunchaki telefonni olib qo‘yishga ruxsat beruvchi qonun yo‘q. Lekin, buni qonuniylashtirishdi, guvohlarni chaqirib, ularning ishtirokida huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishchilari mening himoyam ostidagi shaxsdan telefonni olib qo‘yishgan. Bu mutlaqo noqonuniy edi», — dedi Sergey Mayorov.

Advokatning ishontirishicha, bu Fozilxodja Arifxodjayevni jinoiy javobgarlikka «noqonuniy tortish uchun qo‘yilgan ilk qadam» bo‘lgan.

Facebook`da 2021 yil 6 martda e’lon qilingan postda, Sergey Mayorovning so‘zlariga ko‘ra, Arifxodjayev boshqa bir bloger Abdulla Karimning keyinroq o‘chirib tashlangan postini qayta e’lon qilgan.

Himoyachi shuningdek, tergovchilar Abdulla Karimovni topa olmagan, garchi «u shu yerda bo‘lgan va yaqinda chiqib ketgan».

«Bu albatta, yolg‘on. Va bu yana bir bor hukumatga aloqador bloger, hukumat kuchlari, huquqni muhofaza qilish organlari mening himoyam ostidagi shaxsga qarshi o‘zaro til biriktirilganini isbotlaydi», — dedi u.

Qolaversa, advokat jinoyat ishi ekspertiza xulosasi asosida qo‘zg‘atilganini, biroq, ayni paytda bunday ekspertiza tayinlash bo‘yicha hech qanday tergov harakatlari o‘tkazilmagani va uni o‘tkazish talablariga amal qilinmaganini ma’lum qildi. U shuningdek, mutaxassislar o‘rganishlar boshlanishidan avval jinoiy javobgarlik haqida ogohlantirilmaganini ma’lum qildi.

Ular buni xulosadan keyin qilishgan, shuning uchun yuridik jihatdan ular noto‘g‘ri xulosa yoki xulosani rad etish uchun javobgarlikni zimmasiga olmaydi", — dedi u.