25 yanvar kuni O‘zbekiston ilk bor valyuta birjasiga muddati 10 yil bo‘lgan umumiy qiymati 10 mlrd so‘mlik davlat obligatsiyalarini joylashtirdi, deya xabar qildi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Ushbu davlat qimmatli qog‘ozlarining o‘rtacha tortilgan foiz kupon to‘lovi mos ravishda, yillik 14,5 va 15 foizni (10 yillik obligatsiyalar) tashkil etib, 10 yillik muddat uchun benchmark yaratilgani aytildi. Shuningdek, umumiy hajmi 174,5 mlrd so‘mlik muomala davri 5 yil bo‘lgan obligatsilar ham birjaga chiqarilgan.

Qayd etilishicha, o‘rta va uzoq muddatli davlat qimmatli qog‘ozlari emissiya qilinishi milliy valyutadagi past xatarli instrumentlarni chiqarish orqali mablag‘larni jalb qilish benchmarki bo‘lib xizmat qiladi, moliyaviy instrumentlarni diversifikasiyalash hamda moliya bozoriga yangi ishtirokchilarni (norezidentlar, jismoniy shaxslar, sug‘urta kompaniyalari va boshqalar) jalb etish uchun zamin yaratadi.

Davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini rivojlantirish borasida Moliya vazirligi bilan AQSh G‘aznachiligi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida ushbu tashkilotning maslahatchilari tomonidan vazirlikka texnik ko‘mak ko‘rsatilayotgani ma’lum qilindi.

2020 yilning noyabr oyida moliya vaziri Timur Ishmetov London fond birjasida O‘zbekiston tomonidan milliy valyutada 2 trln so‘m hajmidagi suveren obligatsiyalar joylashtirilganligini e’lon qilgan edi. Vazirlikning tushuntirishiga ko‘ra, xalqaro obligatsiyalarning milliy valyutada chiqarilishi valyuta xatarlarini kamaytirishi hamda kelajakda ichki moliya bozoriga, jumladan, davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bozoriga xalqaro investorlarni jalb qilish uchun zamin yaratadi.