O‘zbekiston energotizimidagi texnik nosozliklar ortidan bozorlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxi keskin oshib ketishi mumkin emas. Buni qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shuhrat Mirzayev Xalqaro press klub navbatdagi sessiyasida ta’kidladi.

«Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetarli darajada yetishtirilgan. O‘zimizda [ishlab chiqarilgani] talabni qoplamaydiganlari — kartoshka yoki go‘sht mahsulotlari ham oktabr, noyabr, dekabr oylarida yetarli miqdorda omborxona, muzlatkichlarga olib kelinib, zaxira qilib qo‘yilgan. Bularni hammasi bozorlarda narx barqarorligini saqlab, asossiz narxlar oshishiga olib kelmaydi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa sabzavot, mevalar hamda tuxum mahsulotlari ham mahalliy bozor ehtiyojini qoplashga yetadi.

Qolaversa, bugungi kunda mamlakatda jami 4500 dan ortiq muzlatkichlar borligi qayd etildi. «Eng asosiysi hozirgi muzlatgichlar zamonaviy tipda qurilgan, ya’ni, ularning hammasi loyihada dizel generatori ko‘zda tutib qurilgan. Kechagi holatda ham bir kunda dizel generatori orqali ishladi», — dedi vazir o‘rinbosari.

Bundan tashqari, respublikada 5000 gektardan ortiq maydonda 3400 dan ortiq issiqxona mavjudligi aytildi.

«Gazdan kelgan mutaxassislarimiz ham aytayaptiki, bugun, erta muqobil energiyadan foydalanib turishsa, uyog‘iga gaz ta’minoti bilan amalga oshirilaveradi», — dedi Shuhrat Mirzayev.

Avvalroq, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Qurbon Tursunov chorshanba kuni soat 18:00 ga qadar respublika bo‘yicha issiq va sovuq suv ta’minoti to‘liq tiklanishini ma’lum qilgandi.