Toshkent shahrida ichimlik suvi ta’minoti yaqin soatlarda tiklanadi. Bu haqda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi o‘chishi fonida poytaxt aholisining asosiy qismini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi «Qodiriya» bosh suv inshooti nasos agregatlari o‘chgan.

Shu tufayli, Toshkent shahrining qator hududlarida ichimlik suv ta’minoti bilan bog‘liq uzilishlar ro‘y berdi.

Hozirgi vaqtda suv inshootida elektr ta’minoti qayta tiklangan, ichimlik suv gidravlik rejimini tiklash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Shayxontohur, Olmazor tumanlariga va Chilonzor tumanining bir qismiga 3 soat ichida suv berish to‘liq tiklanadi. Toshkent 6 soat ichida to‘liq suv bilan ta’minlanadi.

Uy-joy kommunal xizmat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, soat 17:30 holatiga Toshkentda 12 ta mahalliy qozonxonaning faoliyati tiklangan. Poytaxtda 202 ta lokal, 12 ta markaziy qozonxona bor.

Mamlakat bo‘ylab vazirlik tizimiga kiruvchi 500 ta qozonxonadan 78 tasi o‘z ish faoliyatini qayta tiklagan.

Ma’lumot uchun, 25 yanvar kuni soat 10:57 da Markaziy Osiyoning yagona energotizimidagi yirik avariya natijasida O‘zbekiston hududlarida elektroenergiya ta’minotida uzilishlar ro‘y berdi. Natijada Toshkent shahri, Farg‘ona, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida elek energiyasi o‘chishi holatlari qayd etildi.