O‘zbekistonda elektr energiyasi o‘chishi sababli «O‘zbekneftgaz» AJ obyektlarida ham elektr energiya kuchlanishida uzilish kuzatilgan. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, «O‘zbekneftgaz» tasarrufida Gazli, Sho‘rtan va Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalaridagi 64 ta konlar vaqtincha faoliyatini to‘xtatdi, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi esa muqobil elektr energisi mavjudligi sababli ishlamoqda.

Bundan tashqari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, 3 ta gazni qayta ishlovchi zavod (Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi va «Uzbekistan GTL») kabi ishlab chiqarish bilan bog‘liq korxonalar faoliyatini to‘xtatdi. Elektr energiya berilishi bilan ularni ish rejimiga tushirish grafiklari ishlab chiqildi hamda vaqtinchalik shtab tashkil etilgani aytilmoqda.

Kompaniya ta’kidlashicha, iqtisodiyot tarmoqlari hamda aholiga suyultirilgan gaz va neft mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish davom etmoqda, ayni vaqtda bu bo‘yicha uzilishlar mavjud emas.

14 ta neft bazada va Toshkent shahrida dizel yoqilg‘isi va benzin mahsulotlari tizimli yetkazib berilayotganligi va 29 ta mobil yoqilg‘i quyish shoxobchalari ish faoliyatini boshlaganligi ta’kidlandi.

«Bundan tashqari, neft bazalarga barcha korxona va tashkilotlarga kechagi kungi o‘rtacha birja narxidan kelib chiqib, benzin va dizel yoqilg‘isini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish topshirig‘i berildi. Bugungi kunda 47 ming tonna benzin (20 kunlik), 144 ming tonna (4 oylik) dizel yoqilg‘isi zaxirasi mavjud», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, dizel yoqilg‘isida uzilishlar uchrayotgan sog‘liqni saqlash muassalariga neft bazalar uzluksiz yetkazib berish choralarini ko‘rdi.

«Hozirda, „O‘zbekneftgaz“ AJ, „Hududiy elektr tarmoqlari“ AJ hamda „O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari“ AJning tegishli mutaxassislari hamkorligida yuzaga kelgan holatni bartaraf etish bo‘yicha tezkor ishlarni amalga oshirilmoqda», — deya yakunladi kompaniya bayonotini.