Ijtimoiy tarmoqlardagi bir qancha ekstremistik va terroristik deb topilgan sahifa va kanallarning ro‘yxati Adliya vazirligining veb-saytida e’lon qilindi.

Ma’lumotga ko‘ra, Oliy sudning 2021 yil 24 dekabrdagi hal qiluv qaroriga asosan ijtimoiy tarmoqlardagi 19 ta kanal (guruh, material)lar ekstremistik va terroristik deb topilgan hamda O‘zbekiston hududiga olib kirish, tarqatish, tayyorlash yoki namoyish etish taqiqlangan.

Ulardan 8 tasi Telegram messenjerida, yana 8 tasi Facebook va 3 tasi Instagram platformalarida faoliyat olib boradi.

Adliya vazirligi taqdim etgan umumiy ro‘yxatda ekstremistik va terroristik deb topilgan sahifa va kanallarning soni qariyb 150 tani tashkil etadi.

Ushbu sahifalar «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasini buzgan.

Unga muvofiq, O‘zbekiston hududiga olib kirilayotgan, tayyorlanayotgan, saqlanayotgan, tarqatilayotgan va namoyish etilayotgan, OAVda tarqatilayotgan materiallar agar ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga oshkora da’vat qiladigan bo‘lsa, qonun hujjatlariga ko‘ra sud tomonidan ekstremistik materiallar deb topiladi hamda ularni olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlanadi.