Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 yanvar kuni Markaziy Osiyo va Xitoy davlat rahbarlarining videoanjuman shaklidagi uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xitoy prezidenti Si Szinpin tashabbusi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari ham qatnashdi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu tadbirdagi nutqida to‘siqlarsiz savdoni ta’minlash hamda sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishning umumiy makonini shakllantirishga qaratilgan Yangi «Xitoy — Markaziy Osiyo» iqtisodiy muloqot strategiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

Prezident «Xitoy — Markaziy Osiyo» yo‘nalishida uzluksiz yuk oqimini ta’minlash va transmintaqaviy logistika tarmoqlarini rivojlantirish uchun tizimli yechimlar ishlab chiqish muhim ekanini qayd etdi. «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temir yo‘lini barpo etish loyihasini amalga oshirishni joriy yildayoq boshlash taklif etildi.

Davlat rahbari sammit ishtirokchilari e’tiborini raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratdi. IT-parklar negizida «Intellektual Ipak yo‘li» qo‘shma platformasini yaratish taklif qilindi.

Sog‘liqni saqlash va yuqumli kasalliklarga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Vaksinalar ishlab chiqish, sinash va ishlab chiqarishda Xitoy bilan sheriklikni davom ettirishga tayyorlik bildirildi. Shuningdek, O‘zbekiston mamlakatlar o‘rtasida odamlar va tovarlar harakatini yengillashtirish maqsadida vaksinatsiya pasportlarining o‘zaro tan olinishi tarafdori ekanligi qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish yo‘lida agrar tarmoqni modernizatsiya qilish, sho‘rlangan va sho‘rxok yerlarda ekinlar yetishtirish, shahar va qishloq o‘rtasida ishlab chiqarish zanjirlarini yo‘lga qo‘yish masalalarida Xitoy bilan hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, prezident pandemiya davrida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga tez ortib borayotgan ehtiyojlarini ta’minlashda yaqindan hamkorlik qilish va bu borada tezkor qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga chaqirdi. BMT Bosh Assambleyasining pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha alohida rezolyutsiyasini qabul qilish to‘g‘risidagi tashabbusni birgalikda ilgari surish taklif etildi.

Shu bilan bir qatorda, «Yashil Ipak yo‘li»ni barpo etish doirasida iqlim kun tartibini birgalikda ilgari surish zarurligi ta’kidlandi.

Muqobil energetika sohasida investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni jadallashtirishga qaratilgan «Ekologik toza rivojlanish»ni ta’minlash bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlarini yanada yaqinlashtirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbari 2023 yilni «Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va san’ati yili» deb e’lon qilishni, unda asosiy e’tiborni akademik va talabalar almashinuvi dasturlariga, yoshlar forumlari va sport musobaqalarini o‘tkazishga qaratishni taklif qildi.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi hamkorlikni davom ettirish masalalariga ham to‘xtaldi. «Xavfsiz Ipak yo‘li» konsepsiyasini amalga oshirish maqsadlaridan kelib chiqib Afg‘oniston yo‘nalishidagi qo‘shma sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirish muhim ekani qayd etildi.

Sammit yakunida Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlashning muhim masalalariga doir umumiy yondashuvlar aks topgan Qo‘shma bayonot qabul qilindi.