Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev yirik biznes vakillari bilan uchrashdi, deb xabar berdi Akorda matbuot xizmati.

«E’lon qilinayotgan ijtimoiy-iqtisodiy kun tartibi va ishlarning haqiqiy holati o‘rtasidagi nomutanosiblik keskin tus oldi. Aynan shuning uchun zudlik bilan iqtisodiy siyosatni «qayta yuklash» bo‘yicha birgalikdagi ishimizga kirishishimiz kerak. Biz yangi «o‘yin qoidalari»ni belgilab olish kerak. Yanada halol, oshkora va adolatli», — dedi Qasim-Jomart Toqayev.

Davlat rahbarining fikricha, cheklangan elita guruhlari ta’sirining kuchayishi va aksariyat aholi daromadlarining kamayishi xavfsizlikka jiddiy tahdidga aylandi, bu esa jamiyatda iqtisodiy, ijtimoiy, keyin esa siyosiy bo‘linishga olib kelishi mumkin.

«Milliy daromadni taqsimlashda yaqqol nomutanosiblik va ochiq-oydin adolat muammosi mavjud. Xalqaro ekspertlar (xususan, KPMG) Qozog‘iston boyligining yarmiga bor-yo‘g‘i 162 kishi egalik qilishini ta’kidlamoqda. Yarim aholining oylik daromadi 50 ming tengedan oshmayotgan bir vaqtda! Bu yiliga 1300 dollardan sal ko‘proq. Bunday pulga deyarli yashab bo‘lmaydi. Aytganimdek, bunday tabaqalanish va tengsizlik xavfli. Vaziyatni zudlik bilan o‘zgartirish kerak», — dedi prezident.

«Boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovut yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan darajaga yetdi… Daromadning bunday tabaqalanishi terrorchilar va ularning ortida turgan fitnachilar tomonidan yoqilgan gugurt va porox bochkasi rolini o‘ynadi», — deya Qasim-Jomart Toqayev nutqidan iqtibos keltiradi Tengrinews.kz.

«Tashqi farovonlik ortida biz xom ashyo ne’matining asta-sekin xom ashyo la’natiga aylanganini sezmadik. Biz transformatsiyalarda kamroq moslashuvchan bo‘lib qoldik. Sifatli qayta o‘zgarishlar bunday o‘zgarishlarga qarshi bo‘lgan turli guruhlarning manfaatlariga zid keldi. Natijada diversifikatsiyalangan iqtisodiyotni qura olmadik. Buni tan olish kerak», — dedi u.

«Odamlar: nega barcha turdagi bizneslar bir xil qo‘llarga o‘tib ketdi, — deb so‘rashmoqda. Boshqalardan nimamiz kam? Gegelni Babel bilan adashtirib yuboradigan, maxsus ma’lumotga ega bo‘lmagan odamlar bor, lekin ular juda katta biznesga ega. Shu vaqtning o‘zida ma’lumotli, maxsus kurslarni tamomlagan insonlar biznes manbalariga, kredit resurslariga yetib bora olmaydilar. Biznes yonidan suzib o‘tmoqda, bu tushkunlikka, adolatga ishonchsizlikka olib keladi, buning natijasida barcha ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar paydo bo‘ladi», — deya ta’kidladi prezident.

Qasim-Jomart Toqayev ishbilarmon doiralarni saboq olishga va Yangi Qozog‘istonning asosiga aylanishi kerak bo‘lgan yangi iqtisodiy siyosatni barpo etish bo‘yicha hamkorlikni boshlashga chaqirdi. Taqdimotda quyidagi asosiy tamoyillar belgilab berildi

  • halol raqobat;
  • qabul qilingan qarorlarning shaffofligi;
  • davlat siyosatining oldindan ayta olinishi;
  • biznesning soliq halolligi;
  • tadbirkorlarning ijtimoiy mas’uliyati.

Davlat rahbari tadbirkorlarni vatanparvarlik va ijtimoiy mas’uliyatni namoyon etishga va iqtisodiyotni o‘zgartirish uchun kapital, tajriba, boshqaruv jamoalari va bozorni aniq tasavvur qilish kabi resurslarni iqtisodiyotni qayta shakllantirishga yo‘naltirishga chaqirdi.

«Yana bir bor ta’kidlashni istayman — so‘z borayotgan islohot islohot „tortib olish va qayta taqsimlash“ maqsadini ko‘zlamaydi, — dedi prezident. Bu ahmoqlik, mas’uliyatsizlik bo‘lardi. Vazifa siz, milliy burjuaziyani mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy modelini o‘zgartirishda eng faol ishtirok etishga jalb qilishdan iborat. Ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan investitsiyalarga, sifatli ish o‘rinlarini yaratish va eksport salohiyatini oshirishga javob tarqasida davlat xususiy mulkni himoya qilish kafolatlarini oshirishga, davlat tomonidan tartibga solishning barqarorligi va prognozliligini ta’minlashga, raqobatni ma’muriy resurslar, korrupsiya va favortizm aralashuvidan himoya qilishga tayyor».

Qasim-Jomart Tokayev mamlakatning yangi iqtisodiy yo‘nalishining asosini tashkil etishi lozim bo‘lgan asosiy tamoyillarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Birinchisi, uning fikricha, xususiy mulk daxlsizligi. Bu masalada shaffof va adolatli sud kafil bo‘lishi kerak.

«Eng muhim masala — sud-huquq tizimini yangilash. Biz allaqachon choralar ko‘rdik, jumladan, qonunchilik xarakteridagi. Sudlarga yangi kadrlar — huquqning turli sohalaridagi mutaxassislar, jumladan, korporativ sektordan ham chaqirilmoqda… O‘ylaymanki, kuchli korporativ yurist va advokatlarning sudyalik kasbiga, jumladan, hududlarga kirib kelishi investor va ishbilarmonlar manfaatlarini himoya qilish sifatini sezilarli darajada oshiradi», — dedi Qasim-Jomart Toqayev.

Yangi iqtisodiy yo‘nalishning ikkinchi komponenti — investitsiya muhiti. Prezident davlat barcha investitsiya majburiyatlarini so‘zsiz bajarishini yana bir bor ta’kidladi. Shu bilan birga, u tadbirkorlarga o‘z davlatiga sarmoya kiritishga chaqirdi.

«Kelajagingizni Qozog‘iston bilan bog‘lasangiz, o‘z mablag‘laringizni mamlakatimizga qayta investitsiya qilishingiz kerak. Bu sizning Qozog‘iston oldidagi ijtimoiy va siyosiy mas’uliyatingizdir. „Bu yerda ishlab topamiz, o‘sha yerda sarflaymiz“ tamoyilining amalda mavjud bo‘lishga haqqi yo‘q, — dedi prezident. — Shuning uchun ikki yo‘nalishda — kapitalning mamlakatga qaytishini rag‘batlantirish, shuningdek, moliyaning offshorlarga chiqib ketishiga to‘siqlar o‘rnatish bo‘yicha ishlar olib boriladi».

Prezident nutqida qayd etilgan uchinchi tamoyil — halol raqobatdir.

«Bu yerda, birinchi navbatda, sun’iy ravishda yaratilgan monopoliyalarni tahlil qilish kerak. Operatorlar, ayniqsa xususiylar, o‘tmishda qolishi kerak. Agar eslasangi, o‘tmishda „otkupik“ degan atama bo‘lgan. Xususiy kompaniya ma’lum bir haq evaziga davlatning qator iqtisodiy funksiyalarini bajarishni sotib oldi. Bu yaxshilikka olib kelmadi. Hukumatga bunday faoliyat qonun bilan taqiqlanishini ta’minlashni topshiraman. Barcha bo‘shliqlar raqobatga ochiq bo‘lishi kerak. Bozorlardagi sun’iy yaratilgan ko‘plab vositachi zanjirlar yo‘q qilinishi kerak. Hech kim hal qilishni xohlamaydigan eski muammo. Iqtisodiyotni oligopoliyadan chiqarish uchun qat’iy siyosat olib borish kerak», — dedi davlat rahbari.

Bundan tashqari, ma’ruzada yirik korxonalarning soliq va hisobotlarini tartibga solish zarurligi haqida so‘z bordi.

«Yirik kompaniyalarning soliq to‘lashi — „qayg‘uli qo‘shiq“. Qo‘limizda ixtisoslashgan organlarning ma’lumotlari mavjud. Ular daromad keltiruvchi gigantlar turli bahonalar bilan soliqlarni to‘liq to‘lashdan bo‘yin tovlayotganiga guvohlik beradi. Bosh vazirga ushbu muammoning oxiriga yetishni va g‘aznani tegishli mablag‘lar bilan ta’minlashni topshiraman», — deya talab qildi prezident.

Samarali soliq siyosati haqida gapirar ekan, Qasim-Jomart Toqayev 2020 yil yakuniga ko‘ra davlat budjeti daromadlari 34,6 mlrd dollarni yoki YAIMning 20 foizini tashkil etganini ta’kidladi.

«Bu eng muhim davlat vazifalarini hal qilish uchun yetarli emasligi aniq. IHTT (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti — tahr.) mamlakatlarida davlat budjeti daromadlari YAIMning 40−50 foizini tashkil qiladi. Hatto eng yaqin qo‘shnilarimiz orasida ham bu nisbat ancha yuqori: Ukraina — YAIMning 40 foizi, Rossiya — 35,4 foizi, Qirg‘iziston — 31 foizi. Va hokazo. 10 yil davomida mamlakat YAIM tarkibida soliqlarning ulushi 9,9 foizdan 7,3 foizgacha kamaydi. Shu fonda Milliy jamg‘armadan transfertlar keskin o‘sdi, 2019 yildan 2021 yilgacha — 12 trln tenge, ya’ni qariyb 30 lrd dollar», — dedi davlat rahbari.

Bu kabi vaziyat, prezidentning fikricha, murakkab qarorlar qabul qilishni taqozo etadi.

«Bizga yangi soliq siyosati kerak. Tuzoqlarsiz va sohaviy favoritizmsiz, shaffof va biznes uchun ham, hukumat uchun ham tushunarli siyosat», — dedi Qozog‘iston prezidenti.

Qasim-Jomart Toqayev davlat xaridlarini isloh qilish mavzusiga ham to‘xtaldi.

«Raqobatsiz usullar bilan xaridlar ulushi hamon yuqori. „Samruk-Kazina“ jamg‘armasi kompaniyalarining xaridlariga alohida e’tibor qaratish lozim. Sahna orqasi, shaffoflik, oshirilgan narxlar — bu faktlarni zudlik bilan hal qilish kerak. Bir oy beraman. Yechim bo‘lmaydi, qattiq choralar ko‘riladi. Umid qilamanki, barchangiz men uchun „Platon mening do‘stim, lekin haqiqat qiymatliroq“ formulasi muhim ahamityaga ega ekanligini ko‘rdingiz», — dedi prezident.

Davlat rahbari tomonidan qo‘yilgan oltinchi vazifa — davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish.

«Biz kvazidavlat sektorini isloh qilish bo‘yicha tub chora-tadbirlarni qabul qilishimiz kerak. Bugungi kunda bu 6500 ga yaqin tashkilot. Tadbirkorlik faoliyatida davlat ishtirokining asoslari va shartlarini qisqartirish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish kerak», — deb topshiriq berdi Qasim-Jomart Toqayev.

Yangi iqtisodiy yo‘nalishning yettinchi elementi ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish bo‘lishi kerak.

«O‘tgan yili prokuratura organlari tomonidan tadbirkorlarning jinoiy ta’qib organlari mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari va qarorlaridan norozilik to‘g‘risidagi 2,5 mingdan ortiq murojaatlari ko‘rib chiqildi. 1000 dan ortiq murojaatlar hal qilindi. Tadbirkorlar politsiya (eng ko‘p), iqtisodiy tergov xizmati, korrupsiyaga qarshi kurash xizmati va milliy xavfsizlikdan shikoyat qildi», — dedi davlat rahbari.

Bosh prokuraturaga bunday huquqbuzarliklarga olib kelayotgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, aybdor shaxslarning harakatlariga prinsial baho berish topshirildi.

Xulosa qilar ekan, Qasim-Jomart Toqayev davlat idoralari va biznes o‘rtasidagi muloqot hukumat va biznes o‘rtasida konsensusni ta’minlashi kerakligini ta’kidladi.

«Biz „eshitadigan davlat“ qurmoqdamiz va uchrashuvimiz, bu — biznesning eshitilishi hamda barcha konstruktiv takliflar sohaviy va tarkibiy siyosatda hisobga olinishidan dalolatdir», — dedi prezident.

«Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishidan katta biznes, bizning burjuaziyamiz manfaatdor ekanligiga mutlaqo aminman. Chunki mamlakatimiz ishbilarmon elitasining yo‘qotadigan narsasi bor», — deya xulosa yasadi davlat rahbari.