Toshkent tez tibbiy yordam stansiyasining call-markazida tez tibbiy yordam chaqiruvlarini bemor ahvolining og‘irligiga qarab saralash tartibi joriy etilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirus infeksiyasi va mavsumiy xastaliklarga chalinish holatlari oshib bormoqda. Bu esa o‘z navbatida, «Tez yordam» xizmatiga bo‘layotgan chaqiriqlar soni va soha xodimlarining ish yuklamasi ortishiga sabab bo‘lmoqda.

1−18 yanvar kunlari poytaxt «103» xizmatiga jami 78 771 ta chaqiriq kelib tushgan. Shundan tana haroratining ko‘tarilishi bo‘yicha 23 335 ta, koronavirusga gumon qilingan, kasallikka chalingan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan 2632 ta murojaat qayd etilgan.

Co‘nggi 5 kun ichida shahar «103» xizmatiga bo‘layotgan chaqiriqlar soni keskin oshib, kunlik o‘rtacha 5200−5300 tani tashkil qilmoqda. Vaholanki, yanvar oyi boshida bu raqam 3200−3400 tadan iborat edi.

«Keyingi kunlarda „Tez yordam“ xizmatiga umumiy chaqiriqlar soni ortgani sababli shahar tez tibbiy yordam stansiyasi Call-markaziga poytaxtning 12 tumanida joylashgan markaziy poliklinikalardan mutaxassislar jalb etilib, chaqiriqlarni saralash tizimi yo‘lga qo‘yilgan», — dedi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi call-markazi bo‘lim boshlig‘i Nasiba Mahmudova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Endilikda «103» xizmatiga murojaat qilgan bemorning shikoyatlari tinglanib, agar uning ahvoli yengil bo‘lsa, biriktirilgan xodimlar chaqiriqni o‘z hududi bo‘yicha oilaviy poliklinikalarga yo‘naltiradi. Shundan so‘ng, murojaat qilgan bemorga poliklinikaning mobil brigadalari tomonidan tez tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

«Og‘ir ahvoldagi bemorlar esa „Tez yordam“ xizmati bilan qamrab olinadi. Bu esa „103“ xizmati faoliyatini yaxshilash, aholiga tezkor, sifatli, eng asosiysi, ishonchli va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini beradi», — deyiladi xabarda.

Chaqiriqlar soni ortgani va ish yuklamasi ko‘payib borayotgani sababli 19 yanvar kuni shahar «103» xizmati tasarrufiga SSV tomonidan qo‘shimcha 40 ta zamonaviy jihozlangan tez tibbiy yordam mashinasi haydovchilari bilan birga biriktirib berildi. Shuningdek, Call-markaz ish samaradorligini oshirish uchun 30 ta yangi operator o‘rni yaratildi.

«Shu o‘rinda vazirlik aholidan ortiqcha sarosimaga berilmaslikni, agar koronavirus belgilari kuzatilsa, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga, poytaxtimiz aholisi esa Toshkent shahrining 12 ta tumanida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan maxsus COVID poliklinikalariga murojaat qilishlarini so‘raydi», — deya bayonot berdi SSV.

Avvalroq, Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov 5 yanvardan keyin murojaat qilgan bemorlarning 90−95 foizida o‘pkaning zararlanishi kuzatilmayotganini aytgandi. U davolanish muddati o‘rtacha 5 kunni tashkil qilayotgani va kasallik bemorlarda yengil kechayotganini ma’lum qilgandi.