O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20yanvar kuni davlat aktivlarini xususiylashtirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, prezident «joylarda yerlarni auksionga chiqarish orqali joriy yilda bor-yo‘g‘i 400 milliard so‘m tushumni ta’minlash rejasi mutlaqo qoniqarsiz» ekanini ta’kidlagan.

«Birgina misol: Toshkent viloyatida 14 gektar yer uchastkasi 3,5 million dollarga noqonuniy yo‘llar bilan sotilgani hamma rahbarlarni o‘ylantirishi kerak. Nimaga bu pullar davlatga emas, kimlarningdir cho‘ntagiga tushmoqda?» — degan savolni o‘rtaga tashladi Shavkat Mirziyoyev.

«Tasavvur qiling, davlat qanchadan-qancha pullarni yo‘qotmoqda! Bu pulga qancha maktab, qancha bog‘cha va yo‘l qurish mumkin edi. Nega shuni hokimlar o‘ylamaydi?» — deb so‘radi u.

Davlat rahbari ushbu viloyatda o‘tgan yil davomida yer uchastkalarini sotishdan atigi 18 mlrd so‘m mablag‘ tushgan. «Bu bozor narxida nari borsa 5−10 gektar yerning narxi», — dedi davlat rahbari yig‘ilishda.

Yig‘ilishda Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev va Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanovga xususiylashtirish ishlarini sust tashkil etgani uchun hayfsan berildi. Qolaversa, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Sirdaryo, Xorazm va Buxoro viloyatlari boshqarma boshliqlari hamda «O‘zagroservis» bosh direktori ishdan olindi.

Avgustda IIV poytaxtda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 16 gektar yer uchastkasini 5 mln dollarga sotmoqchi bo‘lgan ikki fuqaro qo‘lga olingani haqida xabar qilgan edi.