Bugungi kunda Zangiotadagi maxsus shifoxonalarga murojaat qilayotganlarning aksariyati yengil darajadagi bemorlarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov ma’lum qildi, deya uning so‘zlarini keltirmoqda SSV.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kasallikning «delta» va «britancha» mutatsiyalari bemorlarda ancha og‘ir kechgan bo‘lsa, uning yangi turi aksincha biroz yengil o‘tayapti.

Foto: SSV matbuot xizmati.

4 yanvarga qadar «Zangiota 1-son» shifoxonasiga kuniga 65−70 bemor murojaat qilgan, shundan 70 foizi yotqizilgan. 5 yanvardan aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari oshayotgani bois shifoxonaga murojaat qilayotganlar soni ham keskin ko‘paygan.

«Hozirgi paytda Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kuniga o‘rtacha 300−400 nafar bemor murojaat qilmoqda, — deya so‘zlab berdi Anvar Husanov. — Hozirda muassasamizga o‘rtacha kuniga 300−400 nafar bemor murojaat qilib, shundan 200−300 nafari gospitalizatsiya qilinyapti».

Bemorlarda isitma, bo‘g‘imlarda og‘riq, bosh og‘rig‘i, holsizlik kabi oddiy respirator belgilar bilangina namoyon bo‘lmoqda.

«5 yanvardan boshlab shifoxonaga kelayotgan 90−95% bemorda saturatsiyaning pasayishi va o‘pkaning zararlanishi kuzatilmayapti, — deya ta’kidladi shifokor. — Virusning jiddiy asoratlar bilan kechishi nisbatan kam. O‘pkada zararlanish [hozirgi paytda] deyarli kuzatilmayapti. Davolanish muddati esa qisqarib, o‘rtacha 5 kunni tashkil qilmoqda. Eng muhimi, og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolashda ishlatiladigan virusga qarshi „Remdesivir“ va boshqa dori vositalariga bo‘lgan extiyoj kamaydi».

Natijada bugungi kunda 190 o‘ringa mo‘ljallangan jonlantirish bo‘limida davolanayotgan bemorlar soni sezilarli darajada qisqardi. Vaholanki, «delta» shtammi avj olgan o‘tgan yil yoz oylarida reanimatsion bo‘limlarda bemorlar soni ancha ko‘p edi.

«Shunday ekan, yurtdoshlarimizdan ortiqcha sarosimaga berilmasliklarini, zarurat bo‘lmaganda yuqumli kasalliklarni davolash muassasalariga bormasliklarini, agar o‘zlarida kasallik belgilarini sezsa, darhol oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga, poytaxtimiz aholisi esa Toshkent shahrining 12 ta tumanida tashkil etilgan maxsus poliklinikalarga murojaat qilishlarini so‘raymiz», — dedi Anvar Husanov.

«Eng muhimi, bevosita koronavirusga chalingan bemorlarni davolayotgan amaliyotchi shifokor sifatida barchani kasallikka qarshi emlanishga, agar vaksina olgan bo‘lsa, buster dozalarini olishga chaqirib qolaman», — deya qo‘shimcha qildi.