Toshkent shahar xalq deputatlari Uchtepa tuman Kengashining O‘zLiDeP partiyasidan saylangan deputati Nuriddin Zaynitdinov «siyosiy buyurtmalar, provokatsiyalar va bosimlar» tufayli o‘z faoliyatini to‘xtatishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozgan.

«Oxirgi voqealar fonida amaldagi deputatlik faoliyatimni yakunlash va partiya safidan chiqib ketish va boshqa siyosiy jarayonlarda ishtirok etmaslik fikriga keldim. Agar shunday qaror qabul qilsam, tushuningki, yetarli asoslar bor», — deb yozdi u.

«Prezident talablarini o‘z bilganicha ishlatadigan rahbarlar bor ekan, odam bo‘lishimiz qiyin», — deya qayd etdi u.

«Deputat — xalq vakili ekan, bu amalda shunday bo‘lishi kerak, qog‘ozda emas. „Siyosiy byurtma“ bilan menga qarshi deputatlik faoliyatim uchun provokatsiyalar uyushtirilayotgani va menga bosim o‘tkazilayotgani, meni obro‘sizlantirish, nomimni bulg‘ashga urinishlar menga ishongan va meni saylagan xalqqa nisbatan qilingan xiyonatdir», — deya ta’kidladi Nuriddin Zaynitdinov.

«Menga qandaydir tarzda bosim o‘tkazib, hech narsaga erisha olishmaydi, kim bo‘lsa ham», — deya qo‘shimcha qildi u.

«Gazeta.uz» deputat bilan bog‘landi. U bu provokatsiyalar ortida «tuman va shahar hokimliklariga aloqador uch-to‘rt deputat» turgan bo‘lishi mumkinligini aytdi, biroq «axloqiy sabablarga ko‘ra» ularning ismlarini aytmadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uning korrupsiyaga qarshi faoliyati, yer bilan bog‘liq muammolar va yanvar oyi boshida bo‘lib o‘tgan saylovlar bilan bog‘liq hodisa mahalliy hokimiyat vakillarining noroziligini keltirib chiqargan bo‘lishi mumkin.

Nuriddin Zaynitdinovning qayd etishicha, Uchtepa tumanida «tuman hokimi Farhod Abdullayevning tadbirkorlarga bolalar maydonchalari va ko‘kalamzorlashtirilgan hududlardan yer ajratish bo‘yicha ko‘plab qarorlari bekor qilingan».

Deputat 26-mavze Shirin mahallasida 32, 22 va 23-uylar oralig‘idagi 0,2 gektar maydonda savdo-maishiy majmua va mehmonxona qurish rejalashtirilgan hudud aholisini faol qo‘llab-quvvatlagan edi. Tuman hokimi bu joyni «Obod mahalla» loyihasi doirasida «Bog‘ishamol» mahallasi binosi fasadini ta’mirlash evaziga tadbirkor Qahramon Abdurahmonovga ajratdi.

«Mahalla binosi fasadini ta’mirlash uchun bozor qiymati qariyb 400 ming dollar bo‘lgan 0,2 gektar yer maydoni ajratilgan. Bu qaysi mantiqqa mos keladi? Qolaversa, aholining uylari orasidagi yashil hudud sifatida foydalaniladigan joyda», — deya norozi bo‘lgan deputat huquq-tartibot idoralaridan yer uchastkasi qanday asosda ajratilganini o‘rganishni so‘radi.

2021 yil may oyida tuman prokurorining protestidan keyin hokim 2020 yil 24 noyabrdagi qarorini bekor qildi.

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, jami «20−30 ta noqonuniy yer ajratish bo‘yicha qarorlar» bekor qilingan.

Nuriddin Zaynitdinov, shuningdek, uni hech qanday isbot-dalil va asoslarsiz Kompromatuz Telegram-kanalida maktab o‘qituvchilari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari «paravoz» uslubida tumandagi navbatdan tashqari saylovlarda «Adolat» partiyasidan nomzodlarga ovoz berishga majburlangani qayd etilgan postni yozganlikda ayblashganini ma’lum qildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP a’zosi Rasul Kusherbayev hamkasbini qo‘llab-quvvatlab chiqdi.

«Ikkita hokimiyatga bir shaxs rahbarlik qilib kelayotgan (ijroga ham, deputatlarga ham boshliq hokim), mantiqsiz boshqaruv sharoitida faol deputatlar bilan bunday ishlar bo‘lishi tabiiy hol… Umid qilamizki, joylardagi mana shunday mantiqsiz boshqaruv sharoitida boshqa deputatlar jur’atni yig‘ib, hamkasbini qo‘llab-quvvatlashga kuch topa oladilar», — deb yozdi u.

Nuriddin Zaynitdinov hozircha deputatlikdan ketish niyati yo‘qligini aytdi. «Chunki bu meni saylagan xalq ishonchini poymol qilgan bo‘lardi», — dedi u.

Shuningdek, u hozircha huquq-tartibot idoralariga murojaat qilmaganini aytdi.

Shu kuni kechroq, deputat bilan bog‘liq holat Senatning Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan nazoratga olinib, o‘rganish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi. O‘rganish natijalari to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.