O‘zbekiston musulmonlari idorasi Umra safari to‘lovlari miqdoriga qo‘shilgan qiymat borasida turli mulohazalar bildirilganidan so‘ng, qo‘shimcha to‘lov tafsilotini bayon qildi.

Ta’kidlanishicha, koronavirus pandemiyasi umra xizmatlari ko‘rsatishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

«Avval qayd etganimizdek, mehmonxonada 4 kishilik xonaga 2 nafar ziyoratchi, 50 o‘rindiqli avtobusga 25 kishi joylashtirish kabi talablar o‘rnatildi. Oziq-ovqat mahsulotlari maxsus qadoqlangan holda tarqatiladi, tibbiy xizmat ko‘rsatishda qo‘shimcha shifokorlar va maxsus dori-darmonlar bilan ta’minlanadi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda ikki yil avvalgi holatga nisbatan narx-navo ko‘tarildi. Buning ustiga qirollikda 15 foiz qo‘shimcha qiymat solig‘i ham joriy etilgan.

«Makka va Madina shaharlarida Ikki Haramga yaqin bo‘lgan mehmonxonalar buyurtma qilindi. Masjidi Nabaviyga yaqin bo‘lgan 5 yulduzli „Pulman zam-zam“ va Baytulloh atrofidagi „Jabal Umar“ hududida joylashgan 5 yulduzli mehmonxona olindi. Qiyos uchun, oldingi yillarda ziyoratchilarimiz Makka shahrida Haram masjididan chamasi 1,2 km. bo‘lgan mehmonxonada istiqomat qilishgan», — deyiladi izohda.

Qo‘shimcha qilinishicha, «bu ziyoratchilarga besh mahal namozni Harami shariflarda ado etish, duoyu iltijolar bilan band bo‘lishda yengillik beradi». Yo‘l, taomlanish va boshqalar uchun ketadigan vaqtni tejaydi. Shuningdek, mehmonxonalarda tibbiyot va ishchi guruhlari xizmat ko‘rsatadi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Saudiyada umra safarini tashkil qilish bo‘yicha bir necha shirkat imkoniyatlarini o‘rgangan, bunda Saudiya haj va umra vazirligi talabiga asosan umrani tashkil etish bo‘yicha litsenziyaga ega shirkatlar bo‘lishiga e’tibor qaratilgan. «Shu kunlarda, ijtimoiy tarmoqlarda muqobil taklif bilan chiqayotgan ba’zi shirkatlar umra xizmatini ko‘rsatish uchun yangilangan ruxsatnomaga ega emasligini bildirish bilan kifoyalanamiz», — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi uzoq yillik hamkor shirkati ham pandemiyadan keyin litsenziya ololmagani uchun imkoniyati kengroq «Abu Sarhad» shirkati bilan shartnoma imzolanganini ma’lum qilgan.

«Har bir Haj yoki umra mavsumi to‘lovlari uchun alohida hisob raqam ochiladi va sarf-xarajatlar amalga oshiriladi. Mablag‘lar bankdagi maxsus hisob raqamda saqlanadi. Mablag‘lardan muborak safarga tegishli yo‘nalishlardan boshqa maqsadda foydalanishga imkoniyat mavjud emas», — deyiladi bayonotda.

Ma’lum qilinishicha, 2020 yil fevral oyiga qadar umra uchun to‘lov amalga oshirgan, pandemiya sabab borish istagidan qaytgan fuqarolarning murojaatiga asosan to‘lovlari qaytarib berilgan. Qolgan fuqarolarning mablag‘lari o‘z ixtiyorlariga ko‘ra, umra hisob raqamida saqlanmoqda.