Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Andijonda kesilgan daraxtlar aks etgan holat bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlarni ma’lum qildi.

15 yanvar kuni Andijon obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan viloyat perinatal markazi hududidan 12 tup Eldor qarag‘aylari kesib ketilgani aniqlangandi. Viloyat hokimligi Shuhrat Abdurahmonov daraxtlarni kesishga buyruq bergani haqidagi xabarlarni rad etgandi.

Ekoqo‘mita daraxtlar mamlakatimizda amaldagi moratoriy hamda «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonun talablarini buzgan holda kesilganini ma’lum qildi. Bu turdagi daraxtlar «juda chiroyli manzarali daraxt» sifatida davlat o‘rmon fondiga kiritilmagan qimmatbaho daraxt va buta navlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Daraxtlarni kesish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda atrof-muhitni muhofaza qilish organi bilan kelishilmagan, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining xulosasi va ruxsati olinmagan.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi

«Mazkur qurilish obyekti Davlat investitsiya dasturiga kiritilgan bo‘lib, tashkilot rahbariyati tomonidan uning hududidagi daraxtlarni kesishga ruxsatnoma olish uchun Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilingan. Lekin ushbu murojaat natijasini kutmasdan [tashkilot] qonunga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan tunda ushbu mudhish huquqbuzarlik holati sodir etilgan», — deyiladi xabarda.

Kesilgan daraxtlarning diametr o‘lchamlari 12 sm dan 40 sm gacha bo‘lgan. Qo‘mita daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish natijasida o‘simlik dunyosiga ko‘p miqdorda zarar yetkazilganligini qayd etdi.

Mazkur huquqbuzarlik holati bo‘yicha hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etiladi, deyiladi xabarda.