7 yanvar kuni davlat raqamisiz bo‘lgan Malibu haydovchisi prezident tashrifi chog‘ida o‘rnatilgan cheklovlarga bo‘ysunmagani va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari mashinaga qarata bir necha marotaba o‘q uzishgani haqida yozgandik.

UzReport telekanalida efirga uzatilgan (Toshkent shahar IIBB tomonidan tayyorlangan) reportajda YPX inspektori Elshod Rahmatov nima sababdan o‘qotar quroldan foydalanganini tushuntirib berdi.

«Yunusobod tumani Yangishahar ko‘chasida yo‘lni qarama-qarshi tomonidan Malibu rusumli davlat raqamlari bo‘lmagan avtoulov katta tezlik bilan harakatlanib kelayotgan vaqtida yo‘lni o‘rtasiga chiqib, to‘xtatish maqsadida diqqat ishorasini berdim. Fuqarolar hayotiga xavf solganligi, xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmaganligi sababli IIV me’yoriy buyruq va talablariga asosan qurol qo‘lladim. Qurol qo‘llaganim sababli ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida avtoulov to‘xtatildi», — dedi u.

Reportajda ta’kidlanishicha, haydovchi bu kabi qoidabuzarlikni birinchi marta sodir etmagan.

«Ushbu fuqaro 2006 yilda JIB Chirchiq shahar sudi tomonidan JKning 266-moddasi 1-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yarashuv bilan tugatilgan. 2007 yilda esa huddi shu turdagi jinoyat ishi amnitsiyaga asosan yakunlangan», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, haydovchi 2021 yilda xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik, qizil chiroqda harakatlanish, ruxsatsiz «tonirovka» o‘rnatish, transport vositalarini quvib o‘tish va yo‘l belgilariga amal qilmaslik kabi qoidabuzarliklar sodir etgan. Buning uchun esa jami 7,9 mln so‘mdan ko‘proq jarimaga tortilgan.

«Bildirsoyga bordim. Bitta o‘zim o‘sha yerda aroq ichdim. To‘rt kundan beri turgandim, beshinchi kuni bu yer qimmatlik qiladi, hisobni yopaman deb, …uyimga keldim. O‘sha kuni mast holatda bo‘lib, xodimlar to‘xtatishiga qaramasdan, qonuniy talablarini bajarmadim. Lekin qigan ishlarimni hammasidan pushaymonman. Spirtli ichimlik ichganim sababli o‘zimga javob bera olmay qoldim. Ayb menda, bo‘ynimga olaman. Aroq, pivo ichibman, keyin „o‘chib“ qolibman», — dedi u.

Yunusobod tuman prokuraturasi holat yuzasidan JKning 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Gazeta.uz» tahririyati ko‘p marotaba huquqbuzarliklarni sodir etib, odamlar hayotiga xavf solayotganlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirishga e’tibor qaratish lozim deb hisoblaydi.

Avvalroq xabar berganimizdek, video qayd etish moslamasiga tushib qolgan tasvirlarda YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga qaramasdan chorrahadan harakatlanishda davom etganini ko‘rish mumkin. Uning ortidan maxsus xizmatlarga qarashli UAZ Patriot quvib ketgan. Oradan ko‘p o‘tmasdan ortiga qaytgan Malibu mashinasini organlar xodimlari o‘rab olishgan. Shundan so‘ng, UAZ Patriot kelib, uning yo‘lini to‘sgan. To‘pponchadan o‘q uzilishlar ovozi eshitilgan.

Xodimlar o‘rab olishiga qaramasdan haydovchi harakatda davom etib, chorrahadan o‘tib ketadi. Avtomobilga qarata yana o‘q uzishgani eshitilgan. UAZ Patriot yana uning ortidan ketadi. Jami 10 martacha o‘q tovushlari eshitilgan.

O‘shanda mazkur holatga IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov izoh berib, Malibu boqsharuvida 1976 yilda tug‘ilgan, kuchli darajadagi mast holatidagi fuqaro A.A. bo‘lganini ma’lum qilgandi.