Payshanba kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ayrim davlat rahbarlarining so‘zlariga munosabat bildirdi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

«Kuni kecha ba’zi davlat rahbarlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealardan saboq chiqarishi lozimligi haqida asossiz bayonot berildi», — dedi u.

«Biz mintaqadagi vaziyatni, xavfsizlikka bo‘lgan barcha xavf-xatarlarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun biz yetarli kuch va salohiyatga egamiz», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Bayonotda ayrim davlat rahbarining nomi qayd etilmagan, biroq, gap katta ehtimol bilan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko haqida ketmoqda. U 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan KXSHT sammitida Qozog‘istonda sodir bo‘lgan voqealardan birinchi navbatda O‘zbekiston saboq olishi kerakligini, chunki tartibsizliklar tashkilotchilari unga ko‘z tikib turganini ta’kidlagandi.