So‘nggi kunlarda koronavirus bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarning oshishi «Tez yordam»ga bo‘lgan talab va kunlik chaqiriqlar soni ortishiga ham sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Buni «103» xizmatiga kelib tushayotgan murojaatlar sonidan ham bilish mumkin. 1−10 yanvar kunlari Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga jami 349436 ta chaqiriq kelib tushdi, deyiladi xabarda.

Shundan:

  • tana haroratining ko‘tarilishi bo‘yicha 32400 ta;
  • koronavirusga gumon qilingan, kasallikka chalingan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan 1338 ta murojaat qayd etildi.

O‘tgan yilning mos davrida esa «Tez yordam»ga murojaatlar soni 320980 tani tashkil qilgan edi.

Shuningdek, yanvar oyining ilk kunlari «103» xizmatiga bir kunda o‘rtacha 34,6 mingta chaqiriq qabul qilingan bo‘lsa, 9−10 yanvar kunlari murojaatlar soni biroz ortib, qariyb 37 mingtaga yetgan.

Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor Bo‘ribayevning ma’lum qilishicha, ayniqsa, omikron shtammi tufayli vaziyat ancha murakkab. Shu sababli ham co‘nggi kunlarda poytaxt aholisi orasida Covid-19 ga gumon qilingan, kasallik tasdiqlangan hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga chalingan fuqarolar tomonidan «103» xizmatiga tez-tez murojaatlar bo‘lmoqda.

Xususan, joriy yilning 1−10 yanvar kunlari shahar «Tez yordam»ga jami 36925 ta chaqiriq kelib tushgan.

Shundan:

  • tana haroratining ko‘tarilishi bo‘yicha — 8636 ta,
  • koronavirusga gumon qilingan, kasallikka chalingan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan — 663 nafar.

Ushbu davr mobaynida jami 5751 nafar bemor gospitalizatsiya qilingan.