Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomonga noma’lum raketa uchirdi

Janubiy Koreya harbiylari Shimoliy Koreya tomonidan noma’lum snaryad uchirilgani haqida ma’lum qildi, deb xabar berdi Interfaks.

KXDR Yapon dengizi tomon noma’lum raketani uchirdi, deyiladi Janubiy Koreya shtab boshliqlari xabarida. Yaponiya mudofaa vazirligi KXDR ballistik raketani sinovdan o‘tkazgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Shimoliy Koreyada uchirilgan raketa Yaponiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasidan tashqaridagi dengizga qulagan. Kema va samolyotlarga zarar yetgani haqida xabarlar yo‘q.


Germaniyada 2021 yilda o‘lim darajasi bo‘yicha mamlakat rekordi o‘rnatildi

Destatis federal statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyada 2021 yilda 1 016 899 ta o‘lim qayd etilgan. Bu 1 mlndan ortiq o‘lim qayd etilgan 1946 yildan beri mamlakatdagi eng yuqori o‘lim ko‘rsatkichi hisoblanadi.

1946 yilda o‘limning yuqori darajasi og‘ir turmush darajasi bilan bog‘liq bo‘lsa, hozirda aholining qarishi va koronavirus pandemiyasining oqibatlari sabab bo‘layotgani aytildi. Xabar qilinishicha, pandemiya o‘lim sonini 3 foizga oshirgan. Worldometers hisoblagichiga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan beri Germaniyada COVID-19 bilan 114 887 o‘lim qayd etilgan — Interfaks.


Yaqin haftalarda yevropaliklarning yarmidan ko‘pi omikron shtammi bilan kasallanadi — JSST

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa bo‘yicha rahbari Xans Klyuge brifingda omikron G‘arbiy Yevropada tez sur’atlar bilan dominant shtammga aylanib borayotgani va hozirda Bolqonga tarqalayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyoning 53 ta davlatidan 50 tasida infeksiyaning ushbu varianti bilan kasallanish holatlari qayd etilgan.

«Sog‘liqni saqlash o‘lchovlari va baholash instituti (IHME) bashoratiga ko‘ra, mintaqa aholisining 50% dan ko‘prog‘i keyingi 6−8 hafta ichida omikron bilan kasallangan bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi Klyuge.

Mutaxassis ta’kidlaganidek, to‘plangan ma’lumotlar omikronning yuqori o‘tkazuvchanligiga ega ekanligini tasdiqlaydi, chunki mutatsiyalar uning inson hujayralariga osonroq biriktirilishiga imkon beradi va u hatto kasal bo‘lgan yoki emlanganlarga ham yuqishi mumkin — RIA Novosti.


AQSh Ukrainaga yana 200 mln dollar harbiy yordam ajratadi

AQSh prezidenti Jo Bayden dekabr oyida Kiyevga harbiy yordamni 200 million dollarga kengaytirishni ma’qulladi. Shu bilan birga, Kongress Vakillar palatasi boshqa narsalar qatorida Ukrainaga qo‘shimcha yordam ko‘rsatishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ham ko‘rib chiqadi. Bundan tashqari, hujjat yana bir bor Rossiyaning «Shimoliy oqim-2» gaz quvuriga qarshi yangi sanksiyalar masalasini ko‘taradi. Bu haqda Kommersant’ nashri xabar berdi.

«Bayden ma’muriyati dekabr oyi oxirida Ukrainaga qo‘shimcha 200 million dollarlik harbiy yordamni jimgina tasdiqladi», deyiladi xabarda.

AQSh qonunchilik tashabbusi 2022 moliya yilida (1 oktabrdan boshlangan) Ukrainaga Davlat departamenti orqali harbiy yordam sifatida 450 mln dollar yuborishni taklif qilmoqda. Shuningdek, mamlakatga har tomonlama diplomatik yordam ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.


Yevroparlament rahbari David Sassoli vafot etdi

Yevroparlament prezidenti David Sassoli 65 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Roberto Kuillo. 26 dekabr kuni u immuniteti pasayganligi sababli kasalxonaga yotqizilgan.

David Sassoli 2019 yilda Yevropa parlamenti spikeri lavozimiga saylangan. Bungacha u spiker o‘rinbosari, avvalroq esa telejurnalist sifatida faoliyat yuritgan. U 1956 yil 30 mayda Italiyaning Florensiya shahrida tug‘ilgan — Kommersant’.