«Buxoro neft bazasi» MCHJda neft mahsulotlarining saqlanishi, iste’molchilarga yetkazib berilishi, debitorlik, kreditor qarzdorliklar bilan bog‘liq ko‘plab noo‘rin xarajatlar, shuningdek, amaldagi qonunchilikka rioya etmaslik holatlari aniqlandi, deya xabar qildi «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, neft mahsulotlari to‘lov oldindan 100 foiz o‘tkazilgandan so‘ng yetkazib berilishi belgilangan bo‘lsa-da, amalda me’yoriy hujjatlarga muntazam amal qilinmagan. Oqibatda «Buxoro neft bazasi» MCHJda 50,5 mlrd so‘m debitor qarzdorlik yuzaga kelgan.

O‘z vaqtida undiruv choralari ko‘rilmagani natijasida, neft bazasi bo‘yicha 984,7 mln so‘m mablag‘ «umidsiz» qarzga aylanib ulgurgan.

Shuningdek, o‘rganishlar davomida «Buxoro neft bazasi» MCHJning 10 ta fermerga yoqilg‘i tarqatish shoxobchasi (FYOTSH) tomonidan jami 1,8 mlrd so‘mlik 261,7 ming litr yoqilg‘i mahsulotlari faoliyati tugatilgan fermer xo‘jaliklariga rasmiylashtirilgani ham aniqlangan.

Qolaversa, jamiyatning sobiq rahbariyati va muttasaddi xodimlari tomonidan 3 mlrd so‘mlik 1 mln 595,3 ming litr neft mahsulotlari fermer xo‘jaliklariga arzon narxlarda rasmiylashtirilib, jamiyatga zarar keltirgan.

MCHJning muttasadi xodimlari tomonidan xususiy AYOQSHlarga jami 2,6 mlrd so‘mlik neft mahsulotlari oldindan to‘lovsiz yetkazib berilib, debitor qarzdorligi yashirib kelingan. «Buxoro neft bazasi» MCHJga qarashli 20 ta FYOTSHlarda 2,1 mlrd so‘mlik 206,7 ming litr mahsulot kamomadi aniqlanib, 921,1 mln so‘mi o‘rganish jarayonida qoplangan.

Ushbu neft bazada mablag‘ iqtisodi, xarajatlar rejasiga amal qilish borasidagi vaziyat ham achinarli holatda. Masalan, «Buxoro neft bazasi» MCHJ tomonidan qurilish korxonalariga asossiz ravishda 298,1 mln so‘m to‘langan. Xodimlarga esa 31,6 mln so‘m miqdorida ortiqcha ish xaqi va mukofot pullari to‘lab berilgan, deyiladi xabarda.

Neft bazasi mas’ul va rahbar xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzulish holatlari bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga jo‘natilgan.

Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2021 yil boshida olib borilgan o‘rganishlarda «Buxoro neft bazasi» MCHJda jami 33 mlrd 896,8 mln so‘mlik qonunbuzulish holatlari aniqlangan.