O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston xalqi va prezidentiga hamdardlik bildirdi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Maktubda «qardosh Qozog‘iston hududidagi fojiali voqealar va ularning natijasida ko‘plab harbiylar va aholi vakillari nobud bo‘lgani hamda og‘ir jarohatlar olgani, ko‘rilgan katta talofatlar munosabati bilan prezident Qasim-Jomart Toqayevga va do‘st Qozog‘iston xalqiga chuqur ta’ziya izhor etilgan».

Davlat rahbari Vatan osoyishtaligi va mamlakat xalqining himoyasi yo‘lida qurbon bo‘lgan fidoyi farzandlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildirib, jarohat olganlarning tez fursatlarda shifo topishlarini tilagan.