10 yanvar kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining navbatdan tashqari yig‘ilishida nutq so‘zladi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat oy avvalida boshidan kechirgan inqiroz mustaqillikning 30 yillik tarixidagi eng og‘iri bo‘ldi. Bugun Qozog‘istonda mamlakatdagi fojia kunlarida halok bo‘lganlar xotirasiga umumxalq motam e’lon qilindi.

Davlat rahbari mamlakatdagi bugungi ahvol, o‘tgan kunlarda sodir bo‘lgan voqealar haqida gapirdi.

«Voqealar haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lgan holda, mas’uliyat bilan aytishim mumkinki, joriy yil boshidan buyon barcha voqealar bir zanjirning halqalaridir, dedi u. — Ular tayyorgarligi uzoq muddat davom etgan yagona vayronkor maqsadga bo‘ysundirilgan. Ushbu tayyorgarlik qancha davom etdi — bir yil, ikki yoki uch yilmi — tergov ko‘rsatadi».

Prezidentning fikricha, buzg‘unchi kuchlar bir necha marta barqarorlikni buzish va tartibsizliklar keltirib chiqarishga urinishgan, bu harakatlarning barchasi qat’iy bostirilgan, biroq tashkilotchilar o‘z rejalaridan voz kechmagan va qurolli namoyishlar tayyorlashga o‘tgan.

«Imkoniyat sifatida bir qator viloyatlarda aholining avtomobil gazi narxi oshishiga noroziligidan foydalanishdi. Mitinglar bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy talablarni ilgari surdi. Ularning barchasi davlat tomonidan eshitildi va bajarildi. Hukumat iste’foga chiqdi, avtogaz narxi avvalgi darajasida muzlatildi», — deb eslab o‘tdi Qosim-Jomart Toqayev.

«Aniq ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar majmui va ijtimoiy-siyosiy islohotlarning aniq rejasi qabul qilinganini e’lon qildik. Ammo Qozog‘istonga qarshi tajovuz tashkilotchilari uchun buning ahamiyati yo‘q edi», — deya qo‘shimcha qildi u.

«Stixiyali norozilik namoyishlari pardasi ortida tartibsizliklar to‘lqini paydo bo‘ldi. Go‘yoki bitta buyruq bilan diniy radikallar, jinoyatchi unsurlar, mashhur banditlar, talonchilar va mayda bezorilar paydo bo‘ldi. Ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy talablar ikkinchi-uchinchi darajaga tushdi, ular unutildi. Ular ortidan „issiq faza“ boshlandi. O‘z vaqtini kutayotgan qurollangan jangarilar guruhlari harakatga tushdi. Asosiy maqsad ayon bo‘ldi: konstitutsiyaviy tuzumni barbod qilish, boshqaruv institutlarini yo‘q qilish, hokimiyatni egallab olish. Gap davlat to‘ntarishiga urinish haqida ketmoqda», — dedi mamlakat prezidenti.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu jangovar harakatlarning barchasi bir markazdan muvofiqlashtirilgan. «Viloyat hokimiyati, huquq-tartibot idoralari, tergov izolyatorlari, strategik obyektlar, banklar, teleminora va telekanallarga qilingan sinxron, alohida ta’kidlayman, sinxron hujumlar shundan dalolat beradi», — dedi u.

«Aeroportlar egallab olindi, avtomobil va temir yo‘llar to‘sildi, tez yordam mashinalari va o‘t o‘chiruvchilar ishiga to‘sqinlik qilindi. Harbiy qismlar va armiya nazorat-o‘tkazish punktlariga hujumlar paytida bandit tuzilmalari qurol-yarog‘ va harbiy texnikani egallab olishga harakat qilishdi. Olmaota va boshqa shaharlarda haqiqiy janglar ketayotgan edi. Masalan, Olmaota shahridagi ichki ishlar boshqarmasi binosi atrofidagi jang ikki kecha davom etgan. Politsiya teraktlarga qarshi kurashdi», — dedi Qosim-Jomart Toqayev.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, birgina Olmaotada 7 ta qurol do‘koni qo‘lga olingan.

«Bular yaxshi o‘qitilgan professionallar, jumladan, maxsus vintovkali snayperlar tomonidan uyushtirilgan hujumlar edi. Terrorchilar o‘zlarining aloqa vositalaridan foydalanganlar, harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari formalarini kiyishgan. Ular o‘zlari uchun jonli qalqon vazifasini bajargan ommaviy tartibsizliklar ishtirokchilari ortiga bezbetlarcha yashirindilar», — dedi davlat rahbari.

«Kamida besh marta ko‘proq ustunlikka ega bo‘lgan banditlar militsiya xodimlari va harbiy xizmatchilarga hujum qilib, ularni o‘ta shafqatsizlik bilan kaltaklagan, ikki nafar harbiy xizmatchining boshini kesib tashlagan. Kasalxonalarga vahshiyona hujumlar uyushtirildi», — dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tajovuz bir vaqtning o‘zida 11 ta hududni qamrab olgan, biroq asosiy zarba Olmaotaga qaratilgan.

«Ma’lumki, bu bizning eng yirik shahrimiz va mamlakatimizning moliyaviy markazi bo‘lib, u yerda eng muhim transport-kommunikatsiya markazlari joylashgan. Bu shaharning qulashi butun aholi zich joylashgan janubni, keyin esa butun mamlakatni egallashga yo‘l ochardi. Terrorchilar Qozog‘iston poytaxtiga zarba berish uchun huquq-tartibot kuchlarini o‘zlariga tortib olmoqchi bo‘lishgan», — deya ta’kidladi Qosim-Jomart Toqayev.

«Aslida bu bizning davlatimizga qarshi turli usullar bilan boshlangan haqiqiy terrorchilik urushi edi. Bu bizdan misli ko‘rilmagan choralarni ko‘rishni talab qildi. Qozog‘iston kuch tuzilmalari vaziyatni o‘z nazoratiga olgan holda qisqa vaqt ichida safarbar bo‘lib, hujumchilarni qaytarishga erishdi. Afsuski, bu juda qimmatga tushdi — xavfsizlik kuchlari va tinch aholi o‘rtasida yo‘qotishlar bo‘ldi», — dedi u.

Davlat rahbari e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 16 nafar huquq-tartibot xodimi halok bo‘lgan, 1300 dan ortiq kishi jarohatlangan. Tinch aholi orasida ham qurbonlar bor, aniq soni aniqlashtirilmoqda. Mamlakat bo‘ylab 1270 ta tadbirkorlik subyekti zarar ko‘rdi. 100 dan ortiq savdo markazlari va banklar talon-toroj qilindi, politsiya mashinalariga zarar yetkazildi va 500 ga yaqin texnika yoqib yuborildi.

«Men Qozog‘istonga qarshi tajovuzda terrorchilar, jumladan, xorijiy jangarilarning bevosita ishtiroki haqida ishonch bilan gapiraman. Banditlarning tunda o‘likxonalarga hujum qilishi, o‘lgan sheriklarining jasadlarini olib ketishlari bejiz emas edi. Shuningdek, jangarilarning jasadlarini bevosita jang maydonidan olib chiqishgan. Bu kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan xalqaro terrorchilarning amaliyotidir. Ular izlarini shunday yopadilar. Keyinchalik hokimiyatni tortib olish uchun hududimizda tartibsizlik zonasini shakllantirish rejalari bor edi», — dedi Qosim-Jomart Toqayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar Qozog‘istonda KXSHTning 2030 kishidan iborat kollektiv tinchlikparvar kuchlari va 250 ta texnikasi safarbar etilgan va ular belgilangan vazifalarni bajarishga kirishgan. Ular aeroportlar, harbiy omborlar va boshqa strategik obyektlarni qo‘riqlash va xavfsizligini ta’minlash funksiyalarini bajaradilar.

«KXSHT nufuzli harbiy-siyosiy tashkilot sifatida o‘zining dolzarbligi va samaradorligini ko‘rsatdi. Bu haqiqatan ham davlatlarimiz barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashning samarali mexanizmi», — ta’kidladi Qozog‘iston prezidenti.

Qozog‘iston prezidenti shunday deb qo‘shimcha qildi: «Biz allaqachon KXSHT kuchlarining kiritilishining qonuniyligi haqida savollar tug‘ilayotganini ko‘rmoqdamiz. Bu ishonchli ma’lumotlarning yo‘qligi va butun vaziyatni noto‘g‘ri tushunish bilan bog‘liq. Alohida hollarda xalqaro hamjamiyat, jumladan, xorijiy ommaviy axborot vositalarida ham KXSHT kuchlaridan foydalanish bo‘yicha, ham Qozog‘istondagi vaziyatni mutlaqo noto‘g‘ri talqin qilish holatlari kuzatilmoqda. Barcha faktlarga qaramay, ba’zi manbalar Qozog‘iston hukumati tinch namoyishchilarga qarshi kurashayotganini da’vo qilmoqda. Bu mutlaqo noto‘g‘ri ma’lumot. Biz hech qachon tinch namoyishchilarga qarshi qurolli kuch ishlatmaganmiz va foydalanmaymiz ham».

«Buni bilgan holda Qozog‘istonga hujum tashkilotchilari bir necha tajovuz to‘lqinlarini uyushtirishdi. Birinchi bosqichda, aytganimdek, tinch namoyishlar bo‘lib o‘tdi. So‘ngra, xususan, Olmaotada siyosiy mitinglar bo‘lib o‘tdi, keyin esa qurollangan jangarilar ulkan shoqol to‘dalari singari uch tomondan shaharga yopirildilar. Avvaliga ular o‘zlarini tinch namoyishchilardek ko‘rsatishdi, huquq-tartibot idoralarini va hatto shahar aholisini chalg‘itdilar, keyin esa tarixda „Olmaota fojiasi“ nomi bilan qoladigan voqeani boshladilar», — dedi u.

Shu bilan birga, davlat rahbari BMT nizomida har bir davlat uchun qurolli hujum sodir bo‘lgan taqdirda o‘zini-o‘zi yakka yoki jamoaviy mudofaa qilishning ajralmas huquqi e’tirof etilganini eslatib o‘tdi.

«Yaqin kunlarda dastlabki tergov yakunlanganidan so‘ng biz jahon hamjamiyatining hukmi uchun mamlakatimizga qarshi terroristik tajovuzga tayyorgarlik ko‘rish va amalga oshirishga oid qo‘shimcha dalillarni taqdim etamiz», — deya e’lon qildi davlat rahbari va bu borada shoshilinch xulosalar chiqarmaslik kerakligini qo‘shimcha qildi.

Qosim-Jomart Toqayevning qo‘shimcha qilishicha, hukumat Qozog‘iston xalqining tinch yo‘l bilan o‘z xohish-irodasini bildirish va ochiq muloqot qilish huquqini himoya qiladi, biroq, ayni paytda, zo‘ravonlik ekstremizmning har qanday ko‘rinishiga qat’iy barham beradi.

«Ayni vaqtda Qozog‘istonda konstitutsiyaviy tartib tiklandi, — dedi mamlakat prezidenti. — Aksilterror operatsiyasi doirasida jinoyatlarda ishtirok etgan shaxslarni aniqlash ishlari olib borilmoqda. Hozirgacha 8000 ga yaqin odam politsiyaga topshirilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus organlar ularning terrorchilik, qotillik, talonchilik va boshqa jinoyatlarga aloqadorligini tekshiradi. 116 ta qurol olib qo‘yildi».

Uning so‘zlariga ko‘ra, operatsiya davom etmoqda, «yashirinishning yangicha uslublarini qo‘llayotgan, fuqarolar liboslarini kiyayotgan, soqollarini qirdirayotgan vahokazolarni qilayotgan» jangarilarni aniqlash bo‘yicha rejalar ishlab chiqilmoqda

Davlat rahbari ertaga, 11 yanvar kuni parlamentga hukumatning yangi tarkibi bo‘yicha taklif kiritish va ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi o‘tkir muammolarni hal etish bo‘yicha vazifalarni belgilashni rejalashtirmoqda.

«Yaqin vaqtlarda keng ko‘lamli aksilterror operatsiyasi yakunlanadi va u bilan KXSHT kontingentining muvaffaqiyatli va samarali missiyasi yakunlanadi», — dedi Qosim-Jomart Tokayev.