10 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

«Davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikning joriy masalalari va bo‘lajak qo‘shma tadbirlar yuzasidan fikr almashdilar. Prezident Toqayev Qozog‘iston Respublikasidagi joriy holat hamda mamlakatda vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha hukumat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdi», — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston yetakchisi halok bo‘lganlarning oilalariga yana bir bor hamdardlik bildirib, jabrlanganlar tezda shifo topishlarini tiladi.

Tomonlar birodar Qozog‘iston zaminida tinchlik va barqarorlik tez fursatda qayta tiklanishiga ishonch bildirdilar.

Bunga qadar ikki davlat rahbarlari 6 yanvar kuni — Qozog‘istonda gaz narxlarining oshishiga qarshi norozilik namoyishlari tartibsizliklarga aylanib ketganidan so‘ng telefon orqali muloqot qilgan edilar.

10 yanvar Qozog‘istonda tartibsizliklar chog‘ida halok bo‘lganlar uchun umummilliy motam kuni deb e’lon qilindi.