Fitch Ratings reyting agentligi o‘zining yangi hisobotida O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun xatarlar mavjudligi haqida ogohlantirdi.

Tahlilchilar 2017 yilda valyuta bozorini liberallashtirishdan boshlab, so‘nggi yillarda respublika iqtisodiyoti va siyosatida jiddiy o‘zgarishlar yuz berganini qayd etdi. Biroq bu ham muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Valyuta kursining moslashuvchanligini oshirish makroiqtisodiy nuqtai nazardan foydalidir, lekin ayni paytda mavjud bo‘lgan valyuta nomuvofiqligi va iqtisodiyot uchun xorijiy valyutadagi qarzlarning ortishi tufayli ba’zi risklarni keltirib chiqaradi, deya ta’kidlaydi Fitch.

Davlat moliyalashtirish manbalariga bo‘lgan ishonchni kamaytirish va bozor tomonidan belgilanadigan moliyalashtirish xarajatlari bo‘yicha erishilgan yutuqlar tarmoqlar va subyektlar bo‘yicha farqlanadi. Banklar, shuningdek, bir qancha nomoliyaviy kompaniyalar bu yo‘nalishda eng ko‘p yutuqlarga erishdi, deya qayd etdi Fitch.

Agentlik ekspertlarining ta’kidlashicha, O‘zbekistonning past qarz yuki islohotlar jarayoniga yordam bergan. Biroq qarzning barqaror tez o‘sishi ham xavf omili bo‘lishi mumkin.

Islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri yuqori o‘sish sur’atlariga erishish — xususan, elektr energiyasini ishlab chiqarish va iqtisodiyotning boshqa muhim tarmoqlariga investitsiyalarni ko‘paytirishdir. Ushbu o‘sish boshqa tarmoqlarning rivojlanishiga yordam berishi mumkin.

«Biroq kreditlarga asoslangan yuqori o‘sish ham xavf-xatarlarga olib kelishi mumkin — jumladan, aktivlar sifatining pasayishi va banklarning tashqi moliyalashtirishga bog‘liqligi oshishi kabi omillar bunga misol bo‘ladi», — deya ogohlantiradi agentlik.

Boshqaruv sifati O‘zbekiston kredit profilining zaif tomoni bo‘lib qolmoqda. Institutsional quvvatni oshirish, korporativ boshqaruv, shaffoflik va xalqaro standartlarga yaqinroq hisobot berish O‘zbekiston subyektlari uchun asosiy muammo hisoblanadi.

Normativ muhit bozor mexanizmlarining rolini oshirishga qarab rivojlanmoqda. Biroq, Fitch mutaxassislarining fikriga ko‘ra, o‘zgarishlarning sur’ati hamda talab qilinadigan vaqt ijtimoiy va siyosiy omillarga bog‘liq.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi yil boshiga nisbatan 11 foiz yoki 3,7 mlrd dollarga o‘sib, 1 oktabr holatiga ko‘ra, 37,6 mlrd dollarni tashkil qilgandi.