Turkmanistonda prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Qoraqum cho‘lidagi 50 yildan ko‘proq vaqtdan beri yonib turgan «Do‘zax darvozasi» (rasmiy nomi «Qoraqum yog‘dusi») gaz kraterini so‘ndirishni buyurdi. Bu haqda «Turkmenistan segodnya» agentligi xabar berdi.

Davlat rahbari 7 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida neft-gaz majmuasini nazorat qiluvchi bosh vazir o‘rinbosari Shaxim Abdraxmanov oldida mazkur masalani ko‘tardi.

«Ko‘p yillardan buyon Darvoza hududida juda katta miqdorda gaz yonmoqda va bu holat atrof-muhitga ham, yaqin atrofda yashovchi aholi salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shunday qilib, xomashyo yo‘qolmoqda, uni eksport qilishdan katta daromad olish va undan xalqimiz farovonligini oshirish uchun foydalanish mumkin», — deya prezident so‘zlarini keltiradi agentlik.

Xalq orasida «Do‘xaz darvozasi» deb ataladigan Darvaza krateri Turkmanistonning Dashoguz viloyatidagi Qoraqum cho‘lida, Ashxoboddan 270 km uzoqlikda joylashgan. U lkan tabiiy gaz koni hududida diametri 60 m va chuqurligi taxminan 20 m bo‘lgan chuqurlikdir.

Gaz to‘planishini aniqlagandan so‘ng, sovet geologlari 1971 yilda ushbu hududda quduq burg‘ulashdi, biroq tuproqning yuqori qatlamlari hamda burg‘ulash uskunalari boshqa jihozlar bilan yer osti bo‘shlig‘iga o‘pirilib tushgan. Natijada gaz bilan to‘lgan ulkan chuqur paydo bo‘lgan.

Foto: advantour.com.

O‘shanda odamlar va hayvonlar gaz bilan zaharlanmasliklari uchun kraterga o‘t qo‘yiladi. Olimlar gazning bir necha kun ichida yonib ketishini kutishgan, ammo o‘shandan beri bu sodir bo‘lgani yo‘q. Krater Turkmanistonning mahalliy diqqatga sazovor joylaridan biriga aylandi — sayyohlar uni ko‘rish uchun ekskursiyalarga boradilar. 2018 yilda krater «Qoraqum yog‘dusi» rasmiy nomini oldi.