Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev xalqqa murojaat qilib, bugundan (5 yanvar) boshlab mamlakatning Xavfsizlik kengashiga raislik qilishini ma’lum qildi. Bungacha Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev ushbu kengashning bir umrlik raisi edi.

Ta’kidlab o‘tamiz, Qozog‘istondagi namoyishlardan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videolarda Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning hokimiyatdan ketishiga chaqiriqlar yangragan edi. Parlamentar respublikani tuzish ham taklif qilingan edi.

«Prezident sifatida men fuqarolarimiz xavfsizligi va tinchligini himoya qilishim, Qozog‘iston yaxlitligi haqida qayg‘urishim shart, — dedi Qasim-Jomart Toqayev. — Men tomonimdan qabul qilingan choralar ko‘pmillatli Qozog‘istonning farovonligini ta’minlashga qaratilgan. Biroq hozircha bu choralar yetarli emas».

Davlat rahbari shahar ko‘chalarida bezorilik qilayotganlarning yuqori darajadagi tashkiliy tayyorgarligi borligini ta’kidladi. «Bu fitnachilarning puxta o‘ylangan harakatlar rejasidan dalolat beradi, ular moliyaviy maqsadlarni ko‘zlamoqda. Aynan fitnachilar», — dedi u.

Qasim-Jomart Toqayev Xavfsizlik kengashining raisi sifatida iloji boricha qattiqqo‘llik bilan harakat qilishini ma’lum qildi. «Bu menga o‘zlari va oilalarining hayotlarini himoya qilishni so‘rab murojaat qilayotgan fuqarolarimizning xavfsizligi masalasi. Bu bizning mamlakatimiz xavfsizligi masalasi. Ishonchim komil, xalq meni qo‘llab-quvvatlaydi».

«Nima bo‘lgan taqdirda ham men poytaxtda bo‘laman. Bu mening konstitutsion burchim — xalq bilan birga bo‘lish. Birgalikda biz Qozog‘istonning tarixidagi ushbu qora kunlarni yengib o‘tamiz. Ulardan kuchli bo‘lib chiqamiz», — dedi prezident.

Qasim-Jomart Toqayev yaqin orada Qozog‘istonni siyosiy transformatsiya qilish bo‘yicha yangi takliflarni bilan murojaat qilishini ma’lum qildi.

«Men oldingidek bosqichma-bosqich islohotlar pozitsiyamda qolaman», — dedi u.

Bugun kun davomida namoyishchilar Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning Olmaotadagi qarorgohini egallab oldi. Bu haqda Zakon.kz voqea guvohlariga tayanib ma’lum qildi.

Shuningdek, namoyishchilar Olmaota shahri ma’muriyati binosiga bostirib kirib, binoga o‘t qo‘ydi, deya xabar berdi RIA Novosti.

«Olmaota hokimligi xodimlari havfsiz. Davlat hizmatchilari favqulodda vaziyatda o‘z hizmat xizmatlarini bajarmoda. Shaharda kommunal xizmatlar muammosiz ishlamoqda. Issiqlik, gaz, elektr ta’minoti ta’minlangan», — deya qayd etdi shahar hokimi o‘rinbosari Erjan Babakumarov. U hokimiyatga kilingan hujumni «radikalizmning namoyon bo‘lishi» deb atadi.


Internet ishlashini tahlil qiluvchi NetBlocks tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, butun Qozog‘istonda internetning uzilishi qayd etildi.

«Qozog‘istonda bir kunlik mobil internet uzilishlar va qisman cheklovlardan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab internet o‘chirilmoqda. Bu hukumatga qarshi kuchayib borayotgan norozilik namoyishlari yoritilishini keskin cheklashi mumkin», — deb yozadi monitoring resursi Twitter’da.

Bundan tashqari, Aqto‘be hokimiyati binosi yaqinida portlash kuzatilgan, ayrim manbalarda yaralanganlar borligi aytilmoqda.


Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2 yanvar kuni namoyishlar boshlangan Mangistau viloyatida hamda Olmaota shahrida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Qozog‘iston prezidenti yana qator farmonlarga ham imzo chekdi. Ulardan biri bilan hukumatning iste’fosi qabul qilindi. Bosh vazir vazifalarini bajarish bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Alixan Smailovga yuklatildi.