Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Gavhar Alimovaning Qashqadaryodan Samarqand viloyatiga chigitni olib o‘tishga og‘zaki taqiq qo‘ygan Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ustidan shikoyat qilgandi. Qashqadaryo viloyati hokimligi mazkur holatga izoh berdi.

Xabarda aytilishicha, 28 dekabr kuni Chiroqchi tumanidagi «Umakay» postida Yo‘l harakat xavfsizligi xodimlari tomonidan chigit mahsuloti ortilgan 3 ta yuk transport vositalari to‘xtatilgan. O‘zini chigitni olib ketayotgan korxona ekspeditori deb tanishtirgan Komil ismli shaxs qog‘oz shaklidagi 94 tonna chigit mahsulotini Oq Saroy Klaster MCHJdan Marokand Gold Oil Extraction MCHJga jo‘natilganligi haqida qo‘lda yozilgan (QR kodga ega bo‘lmagan) yuk xatini taqdim qilgan.

Taqdim etilgan hujjatlar orasida elektron hisobvaraq-faktura, birja savdosidan yutib olganligi to‘g‘risida elektron «Tiket», shartnoma va ishonchnoma bo‘lmagan, deyiladi xabarida. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 avgustdagi [489-son] qarori 2-ilovasi 67-bandida, «Tovarlar transport vositasida tashilganda elektron shaklda rasmiylashtirilgan hisobvaraq-faktura QR kodga ega bo‘lgan elektron tarzda yoki qog‘oz nusxasi chop etilgan holda tashuvchiga taqdim etilishi» belgilangan.

«Marokand Gold Oil Extraction olib ketayotgan chigit mahsuloti bo‘yicha QR kodga ega bo‘lgan hisobvaraq-faktura bo‘lmaganligi va taqdim etilgan hujjatlarda shubha tug‘ilganligi sababli 3 ta yuk transport vositalaridagi chigit mahsulotlari qonuniy ravishda vaqtincha saqlovga olingan», — deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Shundan so‘ng, 29 dekabr kuni Oq Saroy Klaster MCHJ tomonidan rasmiylashtirilib, Marokand Gold Oil Extraction`ga 98,3 tonna chigit yuborilgani, lekin sotib oluvchi tomonidan hanuzgacha elektron imzo bilan tasdiqlanmagan elektron hisobvaraq fakturasining qog‘oz nusxasini taqdim etmagan.

Xabarda qayd etilishicha, har bir soliq to‘lovchi elektron axborot tizimi orqali sotilgan tovarni xaridorga jo‘natishdan avval, elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtirishi, oluvchi ham elektron imzo bilan qabul qilganini tasdiqlashi lozim. Bu hisobvaraq-fakturalar Davlat soliq qo‘mitasidagi axborot tizimida shakllanadi va QQS hisoblash uchun asos bo‘ladi.

Hokimiyat elektron hisobvaraq fakturasisiz, qo‘lda yozilgan qog‘oz yuk xati bilan tovarlarni realizatsiya qilishni shubhali deb atadi. Yuk xati faqatgina ortilgan tovarning yo‘ldagi tekshiruvlari uchungina foydalanilib, keyinchalik yo‘qotilishi orqali soliqdan qochish ehtimoli katta, deyiladi izohda.

Hozirda viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Marokand Gold Oil Extraction tomonidan Oq Saroy Klaster MCHJdan elektron hisobvaraq-fakturasi rasmiylashtirilmasdan chigit mahsuloti olib ketilgani yuzasidan tezkor o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

«Tezkor qidiruv tadbirlari oshkora va nooshkora usullarda o‘tkazilgani sababli ayrim holatlar oshkor etilmaydi», — deyiladi hokimlik xabarida.