Qozog‘istonning Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi, deb xabar berdi Tengrinews.kz.

Namoyishchilarning bir qismi yo‘lga chiqib, avtomobillar harakatini to‘sib qo‘yishdi.

Mangistau viloyati hokimligining Ichki siyosat boshqarmasi vaziyatga izoh berdi.

«Soat 11.00da avtomobil egalari Janaozendagi FHDYO binosi yonida to‘planib, suyultirilgan gaz narxini pasaytirish masalasini muhokama qilishdi. Yig‘ilganlarga suyultirilgan gazni sotish bo‘yicha ishlarning ahvoli va «Tinch yig‘inlar tashkil etish to‘g‘risida»gi qonun, xususan, ularning xatti-harakatlari qonunga xilof ekani, yig‘ilish o‘tkazilishidan 5 ish kuni oldin hokimlikni xabardor qilish zarurligi tushuntirildi», — deya xabar qildi boshqarma.

Shahar hokimligi vakillari yig‘ilganlarni o‘z talablarini yozma ravishda bayon etishga taklif qildi.

Mangistau viloyati Energetika va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Berdibek Kartbayev gaz narxining oshishiga izoh berar ekan, respublikada gazning o‘rtacha narxi litri uchun 110 tenge, qo‘shni Atirau viloyatida — 115 tenge yoki Uralskda — 120 tengeni tashkil etishini ma’lum qildi.

«Ayni paytda viloyatda oxirgi iste’molchi uchun gaz narxi 95−115 tenge atrofida. Avvalgi 60 tengelik narx qaytmaydi, chunki endi gazning birjadagi narxi transport va tadbirkorning operatsion xarajatlarini hisobga olmaganda litri 70−85 tengeni tashkil etadi», — deya tushuntirdi u.

Keyinroq Mangistau viloyati markazi Aktau shahrida ham norozilik namoyishlari boshlandi. Asosan avtomobil egalari o‘z noroziligini ko‘rsatadi. 3 yanvar oqshomida bir necha yuz kishidan iborat bo‘lgan namoyishchilar Aqtaudagi «Ыntыmak» maydonida isitish uchun o‘tov o‘rnatib, tarqalishmadi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev o‘zining Twitter-sahifasida vaziyatga ikki marta munosabat bildirdi.

«Hukumatga Janaozendagi vaziyatni iqtisodiy maqsadga muvofiqligini hisobga olgan holda zudlik bilan huquqiy jihatdan ko‘rib chiqishni topshirdim», — dedi u 3 yanvar kungi tvitida.

Davlat rahbari: «Namoyishchilar jamoat tartibini buzmasligi kerak. Fuqarolar mahalliy va markaziy hokimiyat organlariga o‘z talablarini oshkora bildirish huquqiga ega, ammo bu qonunga, xususan, tinch yig‘ilishlar to‘g‘risidagi qonunga muvofiq amalga oshirilishi kerak», — deya ta’kidladi.

Hukumat prezidentning bayonotidan so‘ng gaz narxi 85−90 tengegacha pasayganini ma’lum qildi.

Qazaq Oil yoqilg‘i quyish shoxobchalarining yirik tarmog‘i suyultirilgan gazga bo‘lgan talab keskin oshganiga qaramay, korporativ mijozlar oldidagi majburiyatlarini to‘liq bajarish, gazni kuponlar va yonilg‘i kartalari orqali «belgilangan narxda» sotish majburiyatini olishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, kompaniyaning qayd etishicha, zaxiralar cheklanganligi sababli jismoniy shaxslarga yoqilg‘i yetkazib berishda cheklovlar joriy etilishi mumkin.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Energetika vazirligi tomonidan e’lon qilingan 85−90 tengelik narx koridori doirasida 10−12 yanvardan keyin qo‘shimcha yoqilg‘i yetkazib berish va suyultirilgan gazni cheklovsiz yetkazib berish qayta tiklanishi kutilmoqda.

4 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston prezidenti Twitter orqali yana vaziyatga izoh berdi.

«Aqtauda tarkibiga prezident Administratsiyasi xodimlari ham kiritilgan hukumat komissiyasi ish boshladi. Respublika operativ shtabi doimiy asosda ishlamoqda, — deb yozdi Qosim-Jomart Toqayev. — Komissiyaga mamlakatimizdagi barqarorlik manfaatlaridan kelib chiqqan holda yuzaga kelgan muammoning o‘zaro maqbul yechimini topish topshirildi».

«Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jamoat tartibini buzish holatlarining oldini olishni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Namoyishchilar mas’uliyat va muloqotga tayyorligini ko‘rsatishi kerak», — deya ta’kidladi Qozog‘iston prezidenti.