Adliya vazirligi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilgan 2022−2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi loyihasida ta’limga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Jumladan, maktabgacha ta’lim qamrovi darajasini hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga yetkazish maqsad qilingan.

2022/2023-yillarda 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini 90 foizga, 2024/2025-o‘quv yili yakuniga qadar 100 foizga yetkazish reja qilinmoqda.

Buning uchun maktabgacha ta’lim tizimiga xususiy sektor mablag‘larini jalb qilish orqali 7 mingdan ziyod yangi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, maktabgacha ta’lim tizimida ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, xususan, bog‘cha xodimlarining professional tayyorgarligi va mahoratini oshirib borishning takomillashtirilgan tizimini joriy etish maqsad qilingan.

2022−2026-yillarda 160 mingdan ziyod pedagog kadrlarning malakasini oshirish hamda maktabgacha ta’lim-tarbiya jarayonlarini ilmiy asoslangan yondashuvlar asosida takomillashtirish rejada bor.

Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim tizimida moliyaviy qonunbuzarliklar va korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida yagona axborot tizimini yaratish ko‘zlanmoqda.

Ushbu o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi prezident farmoni loyihasiga 14-yanvarga qadar takliflarni yuborish mumkin.