5 turdagi davlat xizmatidan mobil aloqa orqali USSD so‘rovi yordamida foydalanish mumkin, deb xabar bermoqda Davlat xizmatlari agentligi.

«Maktabgacha ta’lim muassasasiga navbatga qo‘yish, ijro holati bo‘yicha qarzni aniqlash, kadastr obyektiga taqiqni aniqlash, xorijga chiqishga taqiqni aniqlash, tadbirkorlar ma’lumotlarini avtomatik tarzda, navbatsiz hamda arizasiz olish imkoniyati yaratildi», — deyiladi xabarda.


Buning uchun telefon orqali *1148# USSD so‘rovini yuborish va menyudan kerakli xizmat turini tanlash kifoya. So‘rov narxi 49 so‘mni tashkil etadi.

Xizmat hozirda sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilgan. Agentlik xizmatlar soni bosqichma-bosqich oshirib borilishini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar mazkur xizmatlar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz platformasi orqali ko‘rsatilgan.