O‘zbekistonlik shaxmatchi 17 yoshli Nodirbek Abdusattorov 28 dekabr kuni Varshavada bo‘lib o‘tgan tezkor shaxmat (rapid) bo‘yicha jahon chempionatida g‘alaba qozonib, musobaqa tarixida eng yosh chempion bo‘ldi. Rossiyalik shaxmatchi Yan Nepomnyashiy ustidan tay-breykdagi g‘alabasidan so‘ng u matbuot anjumanida qatnashdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u tay-breykda o‘ynashini kutmagan, lekin bunga tayyor bo‘lgan.

«Men uchun eng muhimi partiyani yutqazmaslik edi, va men buni uddaladim, — deydi yosh grossmeyster. — Bugun boshqa o‘ynashim kerakmasligini his qilish juda ajoyib edi. Men juda charchadim, lekin oldinda yana bir musobaqa bor (blits bo‘yicha jahon chempionati — tahr.), shuning uchun hozir bo‘shashadigan vaqt emas».

Nodirbek Abdusattorov musobaqaning 13-turidagi raqibi polshalik 23 yoshli Yan-Kshishtof Duda bilan partiya haqida ham fikr bildirdi.

«Bu juda ham qiyin partiya edi, chunki men debyut vaqtida juda og‘riqli o‘ynadim, keyin pozitsiyam yomonlashdi. Qandaydir mo‘jiza sababli men o‘yinni ushlab qolishga erishdim. Menga omad kulib boqdi, lekin omadsiz bu musobaqada g‘alaba qozonish juda mushkul», — deya o‘yinni ta’rifladi shaxmatchi.

O‘zbekistonlik shaxmatchi Yan Nepomnyashiy bilan o‘yinga ham to‘xtaldi.

«U bizning rapiddagi o‘yinimizdan keyin (4-turda raqiblar durang o‘ynashgan — tahr.) yaxshi tayyorgarlik ko‘rdi, biz qaysidir ma’noda o‘xshash debyutlarni takrorladik. Lekin u pozitsiyada qoralar bilan o‘ynash osonroq edi», — dedi u.

Shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen tay-breykka musobaqa jadvalidagi birinchi ikkita shaxmatchi o‘tishi haqidagi qoidani «ahmoqona» deb atagan edi, chunki to‘rtta shaxmatchida ham 9,5 dan ochko bor edi. Norvegiyalik shaxmatchining o‘zi 3-o‘rinda qoldi.

«Bu ahmoqona qoida, — deya Karlsenning so‘zlarini keltiradi Norvegiyaning NRK telekanali. Kanalning fikriga ko‘ra, tay-breykka bir xil ochkosi bo‘lgan barcha shaxmatchilar o‘tishi kerak. — Bunday tarzda o‘ynash imkoniyatini yo‘qotish juda qayg‘uli. O‘yinchilar juda yomon tizim haqida gapirmasliklari kerak. O‘z tomonimdan aytishim mumkinki, adolatlilik hissiga putur yetkazmaydigan har qanday tay-breyk tizimi to‘g‘ri keladi».


Nodirbek Abdusattorov Magnus Karlsen bilan partiya davomida. Foto: R. Oleksiewicz.

Jurnalistlar Nodirbek Abdusattorovdan ushbu qoidaga munosabat bildirishini so‘rashdi. Nodirbek Abdusattorov bu uning qarori emasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, o‘zining tay-breykka o‘tishini «Menga omad kulib boqdi», deya izohladi.

Jurnalistlardan biri Nodirbek Abdusattorovdan «O‘zingizni 1992 yil Maniladagi shaxmat olimpiadasida „kumush“ medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi va 2004 yil FIDE jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan Rustam Qosimjonovlarning merosxo‘ri deb his qilasizmi» deya so‘radi.

«Yo‘q, o‘zimni bunday muvaffaqiyatlar bilan taqqoslashga hali erta. Lekin o‘ylashimcha, kelajakda bu haqda jiddiy fikr yuritsa bo‘ladi», — dedi u.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, MDHning norasmiy sammiti bo‘lib o‘tgan Sankt-Peterburgdan Toshkentga qaytayotgan samolyotda prezident Shavkat Mirziyoyev va butun delegatsiya tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida Nodirbek Abdusattorovning ishtirokini katta qiziqish bilan onlayn kuzatib borgan.

«Davlatimiz rahbari shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha yangi va eng yosh jahon chempioniga o‘zining eng samimiy tabriklarini yo‘llamoqda hamda uning ota-onasi va murabbiylariga minnatdorlik bildirmoqda. Barakalla!», — deb yozadi Asadov.

Rapid bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtirokidan oldin Nodirbek Abdusattorov Elllobregat Open ochiq shaxmat turniri va Ispaniyadagi Sunway Sitges xalqaro shaxmat festivalida g‘alaba qozondi.

Chempionlik yo‘lida Nodirbek Abdusattorov Magnus Karlsen, Yan Nepomnyashiy, Fabiano Karuan, Levon Aronyan va boshqa turnir favoritlari ustidan g‘alab qozondi. Musobaqada g‘olib bo‘lganligi uchun Nodirbek 60 ming dollar pul mukofoti oladi.

Musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining boshqa vakillari ham ishtirok etishdi. 26 yoshli Jahongir Vohidov 7 ochko bilan 71 o‘rinda, 16 yoshli Javohir Sindorov 6,5 ochko bilan 93 o‘rinda, Shamsiddin Vohidov 6,5 ochko bilan 103 o‘rinda.

Nodirbek Abdusattorov — O‘zbekistonlik grossmeyster, shaxmat tarixidagi eng yosh grossmeysterlardan biri. 2012 yilda 8 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan. 2 yildan so‘ng, 9 yoshida, Agzamov memorialida ikkita grossmeysterlar Andrey Jigalko va Rustam Xusnutdinovlarni yutgan. 2015 yil aprelida 11 yoshida dunyoning 100 ta top yuniorlari ro‘yxatiga kirish bo‘yicha rekord o‘rnatgan.