Fransiyada bir sutkada 180 mingga yaqin koronavirusga chalinish holatlari qayd etildi

28 dekabr kuni Fransiya Milliy sog‘liqni saqlash agentligi mamlakatda so‘nggi 24 soat ichida 179 807 kishi COVID-19 bilan kasallanganligini e’lon qildi. Bu Fransiyada pandemiya boshlangan kundan beri mutlaq rekord hisoblanadi. Bu haqda Interfaks xabar berdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Olive Veran o‘tgan hafta mamlakatda kunlik koronavirus infeksiyalari soni Rojdestvo va Yangi yil bayramlari oxirida 100 mingga yetishini aytgan. Biroq so‘nggi ma’lumotlar ushbu prognozdan ancha yuqori va 25 dekabr kuni ham kuniga 104 mingdan ortiq kishi koronavirus infeksiyasiga chalingan.


Yaponiya «sog‘lom uzoq umr ko‘rish» bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi

Yaponiya «sog‘lom uzoq umr ko‘rish» — keksa odamlar hech qanday yordamsiz o‘zini eplay oladigan va parvarishga muhtoj bo‘lmagan yosh bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi, deya xabar berdi RIA Novosti.

«Yaponiyada erkaklar va ayollar uchun sog‘lom uzoq umr ko‘rish yoshi dunyodagi eng yuqori yoshga aylandi», — deyiladi vazirlik bayonotida. Ushbu ko‘rsatkich ayollar uchun 75,5 yosh, erkaklar uchun 72,6 yoshni tashkil qilgan. 2016 yilgi ma’lumotlarga nisbatan o‘sish ayollar uchun 0,59 yil va erkaklar uchun 0,54 yilni tashkil etdi. 2001 yilga nisbatan «sog‘lom uzoq umr ko‘rish» yoshi ayollarda 2,73 yoshga, erkaklarda 3,28 yoshga oshgan.


AQSh Ukraina bilan bog‘liq vaziyat tufayli samolyot tashuvchi kemasini O‘rtayer dengizida qoldirdi

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukraina atrofidagi keskinlik davom etayotgan bir paytda «Garri Truman» aviatashuvchi kemasini O‘rtayer dengizida qoldirib, uning Yaqin Sharqqa ko‘chirilishini keyinga kechiktirishga buyurdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

«Mudofaa vaziri „Garri Truman“ samolyot tashuvchisi zarba berish guruhiga dastlab rejalashtirilganidek, AQSh Markaziy qo‘mondonlikning mas’uliyat zonasiga o‘tish o‘rniga, Yevropa qo‘mondonligining javobgarlik hududida qolishni buyurdi», — deyiladi xabarda.


Afrikada COVID-19 oqibatida o‘limlar soni 72 foizga ortdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) haftalik epidemiologik byulleteniga ko‘ra, Afrikada COVID-19 ta’siridan o‘lim o‘tgan haftaga nisbatan 72 foizga oshdi. Butun dunyo bo‘ylab koronavirusdan 44,6 mingga yaqin o‘lim qayd etilgan — Kommersant’.

Dunyo miqyosida koronavirus infeksiyasi ta’siridan o‘lim darajasi o‘tgan haftaga nisbatan 4 foizga kamaydi. Bu ko‘rsatkich Janubi-Sharqiy Osiyoda 9 foizga va Amerika qit’asida 7 foizga o‘sdi — Interfaks.


Qozog‘iston o‘lim jazosini butunlay bekor qildi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishni ma’qulladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmatiga tayanib RIA Novosti xabar berdi.

Tokayev shu yilning 2 yanvar kuni fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning o‘lim jazosini bekor qilishga qaratilgan ikkinchi fakultativ protokolini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Keyin Qozog‘iston harbiy xarakterdagi og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun urush davrida o‘lim jazosini qo‘llash huquqini saqlab qolgan holda bayonnomani shartli ravishda ratifikatsiya qildi.

Noyabr oyida Tokayev respublika o‘lim jazosini harbiy jinoyatlar uchun qo‘llash ehtimoli haqida hech qanday izohlarsiz bekor qilishi kerak, degan fikrni bildirgan edi. Imzolangan qonun bilan jinoyat, jinoyat-protsessual, jinoyat kodekslari va bir qator qonunlarga o‘zgartishlar kiritildi. Jinoyat kodeksida «o‘lim jazosi» moddasi istisno tariqasida jazo chorasi sifatida butunlay chiqarib tashlandi.


Qozog‘istonda 5 yanvardan boshlab «omikron» shtammi sababli ayrim cheklovlar joriy etiladi

Zakon.kz nashrining Qozog‘istonda COVID-19 tarqalishining oldini olish bo‘yicha idoralararo komissiyasiga tayanib xabar berishicha, mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusning tarqalishini oldini olish uchun qo‘shimcha choralarni ko‘rish taklifini kiritgan. Unga ko‘ra, 2022 yilning 5 yanvaridan boshlab Ko‘ngilochar savdo markazlari, savdo uylari va karaokelarga kirish faqat «yashil» statusi bor shaxslar uchun ruxsat etiladi.

Komissiyaning ta’kidlashicha, agar Qozog‘iston xududida «omikron» shtammi aniqlansa va vaziyat og‘irlashsa, xuddi shunday cheklovlar banklar, Kazpochta, xalqqa xizmat ko‘rsatish markazlari, sport-sog‘lomlashtirish markazlari, SPA salonlar, basseynlar va boshqalarga ham tadbiq etiladi.

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda fuqarolar «yashil» (xavfsiz), «ko‘k» (neytral), «sariq» (kontaktda bo‘lgan) va qizil «zararlangan» statuslari bilan tasniflanadi.