26 dekabr kuni Toshkentda «Yil ayoli — 2021» respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Senat matbuot xizmati.

Gran-pri va «Yil ayoli» unvonini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi «Orzu» fermer xo‘jaligi rahbari Palzada Saliyeva qo‘lga kiritdi. Unga avtomobil kaliti prezident sovg‘asi sifatida topshirildi.

Senat xabarida ta’kidlanganidek, Palzada Saliyeva fermer xo‘jaligini boshqaribgina qolmay, yig‘im-terim jarayonida bevosita ishtirok etib, traktor haydamoqda.

Tanlovning uchta g‘olibasi ham aniqlandi:

1-o‘rin — Samarqand davlat tibbiyot instituti 2-son Otorinolaringologiya kafedrasi mudiri, Tibbiyot fanlari doktori, dotsent, Nasriddinova Mahzuna Taxsinovna;

2-o‘rin — Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Sharopova Dilfuza Qudratovna;

3-o‘rin — Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahri, «Mevazor-Saodat» ishlab chiqarish kooperativi boshlig‘i Nizomova Saodat Kenjayevna.

Ikkinchi va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan ayollarga 10 mln, birinchi o‘rin sohibasiga esa 20 mln so‘mlik bank vaucheri topshirildi.

Senatning qayd etishicha, «Yil ayoli» ko‘rik-tanlovi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotgan, turli sohalarda mehnat qilayotgan, «oilada va farzand tarbiyasida o‘rnak bo‘layotgan»,jamiyat hayotida faol ishtirok etuvchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilmoqda.

Mazkur tanlov mulkchilik shaklidan qat’i nazar, korxona, tashkilot, muassasalarda ishlovchi ayollar, shuningdek, uy bekalari ishtirok etishlari mumkin.

Bundan tashqari, «Gender tenglik faoli» g‘oliblari ham aniqlandi.

«Gender tenglikni ta’minlashda eng faol huquqni muhofaza qiluvchi organ» — Adliya hamda Ichki ishlar vazirliklari

«Gender tenglikni ta’minlashda eng faol davlat organi» — Mudofaa vazirligi

«Gender tenglikni ta’minlashda eng faol hokimlik» -Samarqand viloyati hokimligi

«Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tashkilot» — Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati

«Gender tenglikni ta’minlashda eng faol NNT» — «To‘maris» ayollar va yoshlar markazi

«Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tadbirkorlik subyekti» — «Shovot tekstil"MCHJ

«Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi radio dastur» — Qoraqalpog‘iston teleradiokanali bosh muharriri Gulnaz Nurbekova

«Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan internetdagi eng yaxshi veb-sayt» — «O‘zsanoatqurilishbanki» sayti

«Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan internetdagi eng yaxshi axborot portal» — Human.uz axborot portali jurnalisti Nargiza Yunusova