Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning farmoyishi bilan hudud mahallalaridagi hokim yordamchilari uniformasi uchun jami 855 mln so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. Hokimning 24 dekabrdagi qarori E-Qaror tizimiga joylashtirilgan.

Mablag‘lar viloyat mahalliy budjeti daromadlar rejasining 2021 yil uchinchi chorak yakuni bo‘yicha orttirib bajarilgan qismi hisobidan ajratildi. Viloyat hokimligi moddiy texnika bazasini mustahkamlash uchun esa 130 mln so‘m ajratildi.

Namunaviy tuzilmaga muvofiq shahar hokimliklariga (ma’muriy markazlarga) 214 nafar hokim yordamchisi, viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar hokimliklariga — 68 nafar, tumanlar hokimliklariga — 109 nafar xodim ajratilgan. Andijon viloyatida 14 tuman, 1 ma’muriy markaz (Andijon) va 1 viloyat bo‘ysunuvidagi shahar (Xonobod) bor. Shunday qilib, viloyat hokimlarining yordamchilari uchun 1808 nafar yordamchidan iborat maksimal shtat ajratilgan, shu jumladan 14 ta tuman uchun 1526 ta, Andijon uchun — 214 ta, Xonobod uchun esa — 68 ta.

Hokim yordamchilarining oylik ish haqi ular biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lsa — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 6 baravari (4,93 mln so‘m), agar xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo‘lsa — MHTEKMning 7 baravari (5,75 mln so‘m) miqdorida belgilanadi. Hokim yordamchilari oyligi nomzodning ushbu lavozimga ishga qabul qilingunga qadar avvalgi ish joyidagi maoshidan kam bo‘lsa, yetishmagan qismi hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya qilib boriladi.

Bundan tashqari, viloyat budjetining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga — 970 mln 500 ming so‘m so‘m miqdorida mablag‘lar ajratildi.