BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) Yaponiya hukumatining 433 ming AQSh dollari miqdoridagi granti doirasida Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi birlamchi tibbiyot muassasalarida suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena tizimini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga YUNICYeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.

Dastur suv quvurlarini yotqizish, suv uchun rezervuarlar, suv yumshatuvchi va filtrlovchi uskunalarni o‘rnatish, sanitariya-texnik, shuningdek, chiqindilarni yo‘q qilish inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish, elektr energiyasi va issiq suv ta’minoti uchun quyosh batareyalari o‘rnatishni ko‘zda tutadi. Dastur, shuningdek, zamonaviy sanitariya-gigiyena tizimi infratuzilmalaridan doimiy foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatishni rivojlantirishni ham qo‘llab-quvvatlaydi.

YUNISEF loyihani 2022 yilning martidan 2023 yil fevraliga qadar amalga oshiradi. Loyiha sharofati bilan Termiz tumanidagi 80 mingga yaqin aholining yettita birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida takomillashtirilgan sanitariya-gigiyena xizmatlaridan va ishonchli chiqindilarni boshqarish tizimidan foydalanishi uchun imkoniyat yaratishi kutilmoqda. Shuningdek, ularga gigiyena bo‘yicha o‘quv-axborot vositalari ham taqdim etiladi.