O‘zbekistonning uchta viloyatining to‘rtta tumanida yangi hokimlar tasdiqlandi. Qarorlar xalq deputatlari tuman Kengashlarining navbatdan tashqari sessiyalarida qabul qilindi.

Umedjon Barnoyev. Foto: t.me/buxorouz_official.

Buxoro viloyatining Romitan tumaniga 2020 yil noyabr oyidan buyon Buxoro tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Umedjon Isoyevich Barnoyev rahbar etib tayinlandi.

Umedjon Barnoyev ushbu lavozimda Xurshid Yahyoyevich Tohirov o‘rniga tayinlandi. Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov uning iste’fosini izohlar ekan, «Uning tajribasini inobatga olib, boshqa mas’ul lavozimga tayinlashga qaror qildik», — dedi.

Samandar Astanov. Foto: t.me/e_turdimov.

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumaniga Samandar Mustafoqulovich Astanov hokim bo‘ldi. Bungacha u Samarqand viloyati prokurori o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Avvalgi hokim Bahodir Abdullayevich Baxramov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Sherzod Qudratov. Foto: t.me/e_turdimov.

Mazkur viloyatning Oqdaryo tumani hokimi Najmiddin Baxriyevich Sulaymonovning boshqa ishga o‘tayotgani ma’lum qilindi. Yangi hokim etib Qudratov Sherzod Asadovich tasdiqlandi.

Sherzod Qudratov ushbu lavozimga tayinlangunga qadar O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.

Dilmurod Qodirov. Surat: t.me/namvilhok.

Namangan viloyati Kosonsoy tumaniga Dilmurod G‘ofurovich Qodirov rahbar etib tayinlandi. 2017 yilning may oyidan buyon u Norin tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Yangi lavozimga u prezidentning Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri lavozimiga tayinlangan Bahodir Tursunovich Yusupov o‘rnini egalladi.