O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 dekabr kuni yerlarni hisobga olish va davlat kadastrlarini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

«Agar rostini aytsak, O‘zbekistonda 30 yildan beri yerning hisobi bo‘lmagan. Mas’uliyat ham yo‘q, javobgarlik ham yo‘q. Parlament ham qaramagan, hech kim qaramagan. Hech kim nazorat qilmagan», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev «yer masalasida korrupsiya holatlari ko‘pligini» ta’kidladi. «Qonun qabul qildik, lekin prokuratura bu qonundan foydalanmayapti, foydalana olmayapti», — dedi u.

«Menda ko‘plab hokimlarning: „Hozircha inventarizatsiya o‘tkazmay turing, olti oy“, degan yozuvlari bor», — dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 30 ming fermer va dehqonlarga ajratilgan yer uchastkalari maydoni hujjatga nisbatan 67 ming gektarga ko‘pligi aniqlangan. «Hammasi poraxo‘rlik. Hech kim bir gektar, bir sotix yerni bekorga bermaydi», — dedi u.

Yig‘ilishda yo‘l, elektr, gaz ta’minoti, suv xo‘jaligi, obodonlashtirish obyektlari, ko‘p qavatli uylarga tutash hududlar kadastrida ham ko‘plab muammolar mavjudligi ta’kidlandi.

«Hokim va prokurorlar, buning orqasida aniq pora va korrupsiya turibdi, — dedi prezident. — Ana shuni bosh prokuror ham, yoqadimi, yoqmaydimi, hammaga aytishi kerak. Pora turibdi. Bizda Konstitutsiya bo‘yicha korrupsiyaga qarshi [kurashish] prokuraturaning eng katta burchidir. Bu ularning konstitutsiyaviy burchi».

Nig‘matilla Yo‘ldoshev (o‘ngda). Foto: prezident matbuot xizmati.

Prezident bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshevga murojaat qildi (video).

«O‘rtoq Yo‘ldoshev shuni hammaga qattiq aytishi kerak. Buni orqasida pora turibdi, korrupsiya turibdi. Faqat majlis o‘tkazish emas, jinoiy javobgarlik [ka tortish kerak]. Katta-katta hokimlarni jinoiy javobgarlikka tortsangiz, men sizni xurmat qilishni boshlayman», — dedi davlat rahbari.