Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatida xorijiy va milliy valyutada soxta pullar muomalaga kiritildi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o‘tkazilgan tadbirlarda aniqlangan.

Poytaxtning Mirobod tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, bank muassasasiga qarashli «Markaz» nomli valyuta ayriboshlash shahobchasiga topshirilgan 2 yevro nominalidagi 2470 dona 4940 yevro miqdoridagi tangalar qalbaki ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Ta’kidlanishicha, amaliyot boshqarmasining kassa amaliyotlari va naqd pul muomalasi bo‘limi xodimlari tomonidan ushbu valyutalar tekshirilmasdan qabul qilinganligi natijasida bank manfaatlariga 59,3 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Shu kabi holat Qashqadaryoda ham qayd etildi. Viloyatda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «M» MCHJ mol bozorida 2 bosh qo‘ylarini sotish evaziga to‘langan 2,1 mln so‘m pullardan 100 ming so‘m kupyuradagi 20 donasi qalbaki ekanligi aniqlangan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.