2021 yilning 15 dekabr kuniga qadar respublikada aholi orasida is gazidan zaharlanish hamda havo-gaz aralashmasi chaqnashi bilan bog‘liq 213 ta holat qayd etilgan. Bu haqda FVV axborot xizmati rahbari ma’lum qildi.

Qayd etilgan holatlarning 66 tasi favqulodda vaziyat sifatida ro‘yxatga olingan. Hodisa oqibatida 125 kishi vafot etgan va 115 kishi jabrlangan.

FVV is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati qaysi sabablarga ko‘ra yuzaga kelishini tahlil qilib chiqdi:

  • fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;
  • nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;
  • isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish;
  • gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;
  • havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari)dan foydalanish;
  • havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish.

Shuningdek, gaz-havo aralashmasi natijasida chaqnash, portlash hamda yong‘in kelib chiqishi holatlari ham tahlil qilinganda yong‘inlarning 36,3 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi tufayli yuzaga kelishi ma’lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, holatlarning 27,1 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 13,6 foizi isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalarining buzilishi, 9,9 foizi bolalar sho‘xligi oqibatida, 3 foizi gaz jihozlaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, shuningdek, 31 tasi gaz va havo aralashmasining chaqnashidan sodir bo‘lgan.

FVVning ma’lum qilishicha, aynan qish mavsumida o‘rtacha har uchta sodir bo‘lgan yong‘inning bittasi isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki nosoz va nostandart isitish moslamalarining ishlatilishidan kelib chiqqan va ayanchli oqibatlarga olib kelgan.