13 dekabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Toshkent shahri Chilonzor tumanida joylashgan 27,9 gektar yer maydoni hamda 29 851 kv.metr bino-inshootlarga ega harbiy shaharchaonlayn auksionga qo‘yildi.

Ta’kidlanishicha, ushbu davlat mulki savdosida 3 nafar ishtirokchi o‘rtasida qizg‘in bahs kechgan. Boshlang‘ich narxi 204 mlrd so‘m bo‘lgan mulkning narxi 1 soat 23 daqiqa davom etgan auksion yakunida narx 15 qadam oshirilgan va mulk 266,4 mlrd so‘mga sotilgan.

Savdoda «Do'mbrobod City Group» MCHJ g‘olib deb topilgan, Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga muvofiq, ushbu korxona shu yilning 2 dekabrida tashkil etilgan. Rezerv g‘olib sifatida esa 262,3 mlrd so‘m taklif qilgan «Build power» MCHJ tanlangan.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida O‘zbekistonda shu yilning birinchi yarmida 478 ta davlat mulki 1,1 trln so‘mga sotilgani haqida xabar berilgandi. Ushbu oyda Prezident videoselektorda sotilishi belgilangan 288 ta mulk savdolarga chiqarilmaganini tanqid qilgandi. Qolaversa, davlat korxonalari va banklari ixtiyoridagi ularning faoliyatiga xos bo‘lmagan 511 ta obyekt haligacha sotilmasdan turgani aytilgan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, 2021 yilda 900 dan ortiq davlat mulki sotuvga qo‘yilishi ta’kidlangandi.