So‘nggi 30 yil davomida sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlari yalpi ichki mahsuloti (YAIM) umumiy hajmi uch barobardan ziyodga o‘sgan. Bu haqda RBK o‘zining mintaqadagi iqtisodiy jarayonlar ustidagi izlanishlari natijalariga asoslanib xabar qildi.

Xususan, 1990 yilda Sovet Ittifoqi iqtisodiyoti hajmi BMT tomonidan o‘sha paytdagi narxlarda 791 mlrd dollarga baholangan. 2021 yilda esa sobiq ittifoqning 15 ta respublikasining YAIMlari umumiy hajmi 2,5 trln dollarni tashkil etdi.

Sovet Ittifoqi parchalanishidan oldin uning iqtisodiyoti nominal jihatdan dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyot hisoblanganligiga qaramay, aksariyat tarixchilar va iqtisodchilar 1960−1980 yillarda Sovet iqtisodiyotining o‘sish sur’ati muntazam ravishda pasayib borganligini ta’kidlashgan.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 1990 yilda jahon miqyosidagi YAIMning 4,6 foiz qismi Sovet Ittifoqi hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozirda sobiq ittifoq tarkibiga kirgan o‘n beshta mamlakat YAIMlarining umumiy hajmi jahon YAIMining qariyb 2,6 foizini tashkil etadi. Ayni paytda, Xalqaro valyuta fondi xarid qobiliyati pariteti (PPP) asosida sobiq Sovet Ittifoqi barcha mamlakatlari YAIMlarining jahon iqtisodiyotidagi ulushini yuqoriroq — 4,7 foiz deb baholaydi.

PPP — bu turli mamlakatlar valyutalarini «tovarlar savati» yondashuvi orqali taqqoslash imkonini beruvchi ko‘rsatkich. PPP iqtisodchilarga mamlakatlar YAIMlari, ular o‘rtasidagi iqtisodiy samaradorlik va turmush darajasini taqqoslash imkonini beradi. PPP ikki yoki undan ortiq valyutalarning muayyan tovarlar va xizmatlar to‘plamini xarid etish qobiliyatlari nisbatini ifodalaydi.

Renaissanse Capital investitsiya bankining Rossiya va MDH davlatlari bo‘yicha bosh iqtisodchisi Sofiya Donetsning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan 30 yillik davr mobaynida sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlarining ishlab chiqarish quvvatlari deyarli o‘zgarmagan.

«Zaif mamlakatlar rivojlanganlariga yetib ololmaydi, na aholi jon boshiga YAIMda, na xarid qobiliyati pariteti ko‘rsatkichlarida rivojlangan mamlakatlar bilan ham, mintaqa ichida ham o‘zaro yaqinlashuv yo‘q», — deya ta’kidlagan ekspert.

Shuningdek, uning fikricha, postsovet mamlakatlari o‘sish sur’atlari o‘rtasida yuqori korrelyatsiya mavjud bo‘lib, inqiroz sharoitida ularning barchasi muammoga duch keladi.

Groningen universiteti Madison Project Database loyihasi mutaxassislari sobiq Sovet Ittifoqi respublikalari uchun aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotning taxminiy miqdorini hisoblab chiqdilar. Unga ko‘ra, 1990 yildagi parchalanishdan oldin sobiq ittifoqda aholi jon boshiga YAIM ko‘rsatkichi bo‘yicha Estoniya, Latviya hamda Litva nisbatan sezilarli farq bilan kuchli uchlikdan joy olgan. Shuningdek, Rossiya, Gruziya, qo‘shni Qozog‘iston va Belarusda aholi jon boshiga YAIM hajmi ittifoqdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan. Eng past ko‘rsatkichlar Markaziy Osiyo davlatlarida (Qozog‘istondan tashqari) kuzatilgan, xususan, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 6800 dollarni tashkil etgan.

Foto: RBK

2019 yilga kelib Boltiqbo‘yi davlatlari hamda Rossiya yetakchilikni saqlab qolgan. Qozog‘iston, Belarus va Turkmaniston Gruziyani ortda qoldirgan. Xususan, Turkmaniston aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM hajmini uch barobardan ziyodga oshirishga erishgan.

O‘zbekistonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM ko‘rsatkichi 2,9 foizga o‘sib, 7000 dollarni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich ikki barobardan ziyodga oshib, 26400 dollarga yetgan. Qirg‘iziston hamda Tojikistonda esa mos ravishda 5300 va 3400 dollargacha pasaygan.

Qayd etish joizki, aholi jon boshiga YAIM ko‘rsatkichlari shakllanishi dinamikasida aholi o‘sish yoki kamayish sur’atlari ham muhim rol o‘ynagan. Jumladan, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda o‘tgan davr mobaynida aholi soni keskin o‘sgan.

Foto: RBK

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, aksariyat postsovet mamlakatlarida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM ko‘rsatkichi 1996−1999 yillargacha pasayish tendensiyasini namoyon qilgan. 2009 yilda global moliyaviy inqiroz tufayli bir vaqtning o‘zida barcha mamlakatlar iqtisodiyotining pasayishi yoki sekinlashuvi kuzatilgan. 2015−2016 yillarda mintaqaning Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon kabi neftga qaram mamlakatlarida jon boshiga YAIM hajmi kamaygan. Bugungi kunga kelib esa oxirgi sinxron pasayish 2020 yilda — koronavirus pandemiyasi davrida sodir bo‘lgan.

Hozirda Estoniya, Litva va Latviya sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlari orasida aholi jon boshiga YAIM hajmi bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Bu mamlakatlarda aholi jon boshiga YAIM ko‘rsatkichi deyarli 1995 yildan beri o‘sib kelmoqda. Shuningdek, mazkur Boltiqbo‘yi davlatlari 2004 yildan buyon Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlardan sanaladi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, iqtisodiyoti tabiiy gaz eksportiga asoslangan Turkmaniston 2020 yilga kelib real YAIMning 1991 yilga nisbatan eng yuqori o‘sish sur’atiga erishdi — 3,6 barobar.

O‘zbekiston bu borada ikkinchi o‘rinda bo‘lib, real YAIM hajmi 1991 yilga nisbatan 3,4 baravarga o‘sgan.

Foto: RBK

Sofiya Donetsning fikricha, postsovet hududidagi iqtisodiy tebranishlar asosan quyidagi omillar bilan izohlanadi:

  • Boshqaruv modellaridagi farq va bu sohada taraqqiyotning mavjudligi yoki yo‘qligi. Xususan bu borada Armaniston va Gruziya ilg‘or tajribalarni muvaffaqiyatli amalga oshirganligi misol qilingan.
  • Demografiya. Ayniqsa Markaziy Osiyo mintaqasida aholi soni tabiiy o‘sish hisobiga ortib bormoqda. Shuningdek, O‘zbekiston, so‘nggi yillarda maktab ta’limi sifati sezilarli darajada yaxshilanganiga yorqin misol bo‘lishi ta’kidlangan.
  • Tashqi vektor. Donetsning qayd etishicha, «Rossiya va dunyoning qolgan qismi bilan munosabatlarni muvozanatlash zarurati» postsovet mamlakatlari uchun qiyinchilik tug‘dirdi.
  • Resurslarning mavjudligi ham iqtisodiy rivojlanishning muhim omili hisoblanadi.

RBK tahlillarining tasdiqlashicha, 25 yillik davrda O‘zbekiston eksporti asosini xomashyo tashkil etmoqda. 1996−2000 yillarda eksport tarkibida o‘rtacha 42 foiz ulush bilan paxta xomashyosi dominantlik qilgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib uning o‘rnini oltin egalladi — jami eksportga nisbatan 37 foiz.

Shu bilan birga O‘zbekistonda paxtani mahalliy qayta ishlash yo‘lga qo‘yilganligi hisobiga mamlakatning Rossiyaga eksporti tarkibida yirik ulushga ega bo‘lgan paxta tolasi kalava-ip bilan o‘rin almashdi.

Foto: RBK

Qayd etilishicha, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari, shuningdek, Ozarbayjon ham xomashyo eksportiga qaramligicha qolmoqda. Xususan, Qirg‘izistonning eksportida yetakchilik qilgan elektroenergiya o‘rnini 2019 yilga kelib oltin egallagan — jami eksportga nisbatan 42 foiz.

Qozog‘istonning asosiy eksport mahsuloti neft xomashyosi bo‘lib, 25 yil mobaynida jami eksportdagi ulushi 21 foizdan 58 foizgacha oshgan.

Turkmaniston eksportida asosiy o‘rin tutuvchi tabiiy gaz yetkazib berishning jami eksportdagi ulushi 1997 yildagi 36 foizdan 2019 yilga kelib 81 foizgacha oshdi. Ta’kidlash joizki, 1997 yilda Turkmanistonning Rossiyaga eksportining 66 foizini tabiiy gaz tashkil qilgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib kalava-ip asosiy eksport mahsulotiga aylangan. Avvalroq yaqin yillarda Turkmaniston Xitoyga tabiiy gaz yetkazib berishda yetakchilikni saqlab qolayotganligi haqida xabar bergan edik.

Tojikiston eksporti tarkibida asosiy mahsulot alyuminiyligicha qolmoqda, garchi uning umumiy hajmdagi ulushi 2 barobardan ko‘proqqa qisqargan bo‘lsa ham. Shuningdek, mamlakatning Rossiyaga eksporti bilan bog‘liq vaziyat O‘zbekistonnikiga o‘xshash: asosiy eksport mahsuloti — paxta tolasi o‘rnini kalava-ip egallagan.